Shavkat Mirziyoyev: Sizlar katta kuch-qudrat egasisizlar
Shavkat Mirziyoyev: Sizlar katta kuch-qudrat egasisizlar
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz o‘g‘il-qizlarini Yoshlar kuni bilan tabriklab, nutq so‘zladi.
– Sizlar bilan uchrashish, taklif va tashabbuslaringizni eshitish menga har doim quvonch va g‘urur bag‘ishlaydi. Shijoat va intilishingizni ko‘rib, yonib turgan ko‘zlaringizga boqib, o‘zimga bitmas-tuganmas kuch olaman. Sizlar mana shunday katta kuch-qudrat egasisizlar, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari bayramga yangi choralar bilan kelganini ta’kidlab, yoshlar uchun yaratilajak qo‘shimcha imkoniyatlarni e’lon qildi.
Xususan, “Yoshlar daftari”da ko‘zda tutilgan imtiyoz va yengilliklar endi 14-17 yosh oralig‘idagi 3 million nafarga yaqin o‘g‘il-qizlarga ham tatbiq etiladi. Imtiyozlar soni ham hozirgi 11 tadan 25 taga ko‘paytiriladi.
2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, maqom xonandaligi, maqom cholg‘u ijrochiligi, baxshichilik va fortepiano yo‘nalishlariga yangi qabul qilingan talabalarning shartnoma to‘lovlari to‘liq davlat tomonidan to‘lab beriladi.
Texnikumlarga qabul yilda 2 marta tashkil etilib, talabalar uchun davlat granti soni 2 barobarga oshiriladi. Ular uchun ham ta’lim krediti joriy qilinadi. Xususiy ta’lim muassasalarida dasturlash, veb-dizayn, animatsiya kabi kasblarni o‘rganish istagidagi yoshlarga ham 20 million so‘mgacha miqdorda 4 yillik imtiyozli kredit taqdim etiladi.
Xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchilarni rag‘batlantirish maqsadida 70 nafar o‘quvchi va ularning ustozlari davlat hisobidan Buyuk Britaniyaga safarga yuboriladi.
Prezident yoshlarning bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Tadbirkorlik dasturlariga 220 ming nafar, kasb-hunar o‘rganishga 130 ming nafar, davlat korxonalari va xususiy sektordagi bo‘sh ish o‘rinlariga 110 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar jalb etilishi ta’kidlandi.
Internet tarmog‘ida O‘zbek milliy kontentini rivojlantirish dasturi amalga oshiriladi. Bu maqsadlar uchun 10 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Joriy yildan boshlab 36 ta sport federatsiyasi, 274 ta sport maktabi o‘z hududidagi mahallalar, maktab va kollejlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Har bir ko‘cha, mahalla, ta’lim muassasasida sport turlari bo‘yicha jamoalar tuziladi.
Ma’lumki, shu kunlarda Konstitutsiyani isloh qilish jarayoni ketmoqda. Davlatimiz rahbari bu boradagi taklif va tashabbuslarning 70 foizdan ortig‘ini yoshlar ilgari surganiga urg‘u berdi.
– Albatta, yangilanayotgan Konstitutsiya bu – sizlarning Konstitutsiyangiz, – deya ta’kidladi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev yoshlarga xalq shoiri G‘afur G‘ulomning so‘zlari bilan murojaat qildi:
«Siz axir osmonni olmoq bo‘lsangiz,
Ne uchun yelkamni tutib bermayin?»
Bayram shodiyonasini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 220 mingdan ziyod yoshlar kuzatib bordi. Davlatimiz rahbari ular bilan ham videoaloqa orqali muloqot qildi.
Yoshlar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qaroriga muvofiq, ilm-fan, sport, san’at, tadbirkorlik hamda boshqa sohalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgan bir guruh yoshlar «Kelajak bunyodkori» medali hamda «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.
Davlatimiz rahbari ushbu mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
Tadbir “Yoshlar ovozi” tanlovi g‘oliblari hamda taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.