Xiva shahri 2024 yilda islom olamining sayyohlik poytaxti etib tanlandi – O‘mon matbuoti
Xiva shahri 2024 yilda islom olamining sayyohlik poytaxti etib tanlandi – O‘mon matbuoti
MASQAT, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘mon Sultonligining «Asdaa Oman» gazetasi veb-sahifasida «Xiva shahri 2024 yilda islom olamining sayyohlik poytaxti etib tanlandi» nomli maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqda Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n birinchi sessiyasi doirasida tegishli qaror qabul qilingani aytiladi. Maqolada, shuningdek, IHT aʼzolari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan turizm sohasida asosiy omillardan sanalgan viza rejimini soddalashtirish, madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, tarixiy shaharlarni obodonlashtirish borasida amalga oshirilgan islohotlarni eʼtirof etgani taʼkidlangan.
Xususan, Xorazmning tarixiy qiyofasini tiklash, taʼmirlash va saqlash, shuningdek, elektr simyog‘ochlarini demontaj qilish, sayyohlar oqimini yana-da kengaytirish uchun shart-sharoit yaratish, infratuzilmani yaxshilash, 5 yulduzli mehmonxonalar, kichik mehmonxonalar va yotoqxonalar qurish borasidagi saʼy-harakatlarga eʼtibor qaratilgan.
O‘zbekistonda turizm va turdosh tarmoqlarda tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar IHT mutaxassislari tomonidan yuqori baholangani aytilgan.
O‘monlik gazetxonlar eʼtiboriga Islom olamining turizm poytaxti yili doirasida Xiva shahrida turizm vazirlari va sohaga dahldor idoralar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi to‘g‘risidagi maʼlumot ham havola etilgan.
Taʼkidlanishicha, islom olamining sayyohlik poytaxti nomini olish uchun Abu-Dabi, (BAA), Shanliurfa (Turkiya), Lagos (Nigeriya), Dushanbe (Tojikiston) va Xiva (O‘zbekiston) kurash olib borgan.
“Nominatsiyani qo‘lga kiritish uchun o‘tgan yili ushbu shaharlar o‘rtasida keskin raqobat bo‘lgan, biroq O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi saʼy-harakatlari natijasida Xiva shahriga «Islom olamining turizm poytaxti» unvonini berishga qaror qilindi”, deya yakunlanadi «Asdaa Oman» gazetasi elektron portalida chop etilgan maqola.