Paxtachilikdagi dolzarb vazifalar ko‘rib chiqildi
27.07.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni paxtachilikdagi dolzarb vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Ma’lumki, bu soha qishloq xo‘jaligi va aholi bandligida alohida o‘rin tutadi. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan paxta yetishtirishda klaster tizimi joriy etildi. Ushbu tizim natijasida 350 ga yaqin yirik fabrika ishga tushirildi. Besh yil avval yurtimizda yetishtirilgan paxta tolasining atigi 40 foizi qayta ishlangan bo‘lsa, bugungi kunda 100 foiz o‘zimizda qayta ishlanmoqda.
So‘nggi yillardagi iqlim o‘zgarishlari paxtachilik oldiga yangi vazifalar qo‘ymoqda. Xususan, bu yilgiday anomal issiq ilgari hech qachon bo‘lmagan. O‘n kundan beri yurtimizda kunduzgi harorat 43 gradusdan yuqori bo‘lmoqda. Kechki payt ham kam emas.
Bu paxtachilik uchun favqulodda vaziyat. Lekin barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, hosilni saqlab qolish zarur. Buning uchun urug‘chilik, nav tanlash, o‘g‘itlash, sug‘orish va zararkunandalarga qarshi kurashishni ilmiy yondashuvlar asosida yo‘lga qo‘yish kerak.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Paxtachilik kengashi tuzilgani ayni muddao bo‘ldi.
Yig‘ilishda innovatsion rivojlanish vaziri, Paxtachilik kengashi raisi I.Abdurahmonov kengash tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi.
Unda aytilishicha, Kengash a’zolari olim va mutaxassislar bilan birga Quyichirchiq, Sayxunobod, Navbahor, Narpay, Vobkent va Qorako‘l tumanlariga borib, haqiqiy ahvolni o‘rgangan. Jumladan, urug‘lik paxta ekilgan maydonlarda ko‘chat tig‘izligi me’yorga nisbatan 35-40 foizga oshirib yuborilgani aniqlangan. Ayrim dalalarda g‘o‘zaning tepasida hosil deyarli yo‘q, pastida esa 2-3 ta ko‘sak bor, xolos. Zararli hasharot va kasallik turlari ham ko‘paygan.
Yig‘ilishda bunday holatda g‘o‘zani parvarishlash va hosildorlikni ta’minlash bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar aytib o‘tildi. Ularni barcha hududlarda amalga oshirish bo‘yicha “dolzarb 30 kunlik” e’lon qilindi.
Klaster va fermerlarning dalasiga borib, ilmiy yondashuv va yangiliklarni tushuntirish zarurligi ta’kidlandi.
– Iqlim o‘zgarishi kelgusida ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini hisobga olib, ish tutishimiz kerak. Bu masalaga ilmiy yondashish shart, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Viloyat hokimlari ushbu dolzarb kunlarda qilinadigan ishlar bo‘yicha axborot berdi.