Tadbirkorlarning murojaatlari tahlil qilindi
03.08.2022
3-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan muloqotiga tayyorgarlikning borishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Ma’lumki, 2021-yil 20-avgust kuni davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ilk bor ochiq muloqot o‘tkazgan edi. Bu sana mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” sifatida belgilanib, bunday uchrashuvlar an’anaviy tarzda, har yili tashkil etiladigan bo‘ldi.
Bu yil ham mazkur muloqotga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Tadbirkorlardan savol va takliflarni yig‘ish bo‘yicha respublika shtabi hamda “koll-markaz” tashkil etilgan. Unga bugungi kungacha 7 ming 200 dan ortiq taklif va murojaatlar kelib tushgan. Respublika shtabi a’zolari ularda ko‘tarilgan tizimli va xususiy masalalarni har kuni muhokama qilib bormoqda. Ularning aksariyati joyida hal etilmoqda.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari sohadagi tizimli muammolarga alohida e’tibor qaratdi.
Tahlillarga ko‘ra, xususiy mulk himoyasi, litsenziya va ruxsatnomalar olishdagi byurokratiya, tadbirkorlar uchun kredit, yer va bino ajratish, soliq ma’murchiligi hamda infratuzilma masalalari dolzarb bo‘lib turibdi. Yig‘ilishda bu muammolarning sabablari va ularni hal etish choralari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari har bir murojaatni, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesni qiynayotgan masalalarni alohida nazoratga olib, qonuniy va ijobiy yechim topish zarurligini ta’kidladi. Hududlarga chiqib, tadbirkorlarning muammo va takliflarini o‘rganish asosida biznes uchun sharoitlarni yaxshilash, tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.
Avgust oyi o‘rtasidan boshlab, joylarda vazirlar va hokimlar ishtirokida tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi o‘tkazilishi belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokidagi uchrashuv bu haftalikning yakuniy va asosiy voqeasi bo‘ladi.