Ko‘rfaz arab mamlakatlari bilan hamkorlik faollashadi
Ko‘rfaz arab mamlakatlari bilan hamkorlik faollashadi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Noif Al-Hajraf bilan uchrashdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi munosabat sezilarli darajada faollashib, yangi amaliy mazmun kasb etgani ta’kidlandi.
Ilgari erishilgan kelishuvlar, jumladan, 2021 yil imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibiyati o‘rtasida o‘zaro maslahatlashuv mexanizmi bo‘yicha Anglashuv memorandumi doirasida ko‘zda tutilgan ishlarning borishi ko‘rib chiqildi.
N.Hajraf Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy davlatlardan biri sifatida tan olishini ta’kidlab, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. Kengashning O‘zbekiston bilan hamkorlik uchun mavjud ulkan salohiyatdan yanada samarali foydalanish hamda tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda aloqani yo‘lga qo‘yish chorasini ko‘rishga tayyorligi qayd etildi.
Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljanovning ma’lum qilishicha, muloqot davomida bo‘lajak tadbirlar jadvali yuzasidan ham fikr almashildi. Jumladan, ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqotining joriy yildagi birinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik jarayoniga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilindi. Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlarini ijobiy baholadi. O‘zbekiston tomonidan ushbu mamlakatga ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar muhimligi ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘mon va Saudiya Arabistoni a’zo bo‘lgan mintaqaviy tashkilot hisoblanadi.