Samarqandda «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro sayyohlik markazining ochilgani O‘mon OAV nigohida
Samarqandda «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro sayyohlik markazining ochilgani O‘mon OAV nigohida
MASKAT, 25 avgust. /“Dunyo” AA/. O‘monning turizm sohasiga ixtisoslashgan “Wejhatt” gazetasida «Samarqand shahrida 8 ta mehmonxona va konferensiya zalidan iborat xalqaro turizm markazi ochildi» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda 23 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Samarqand shahridagi «Boqiy shahar» majmuasi hududida «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro sayyohlik markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgani xabar qilingan.
Materialda qayd etilganidek, 2019 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mahobatli loyiha boshlanib, Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida, 212 gektar maydonda ulkan majmua qurishga kirishilgan edi. «Avvalo, tajribali meʼmor va muhandislardan iborat xalqaro jamoa jalb etilib, puxta loyiha ishlab chiqildi. O‘zbekiston yetakchisi bu yerga bir necha marta kelib, qurilishni milliy meʼmorchilik anʼanalari va odamlarga qulaylik yaratish nuqtai nazaridan takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Bunyodkorlik ishlarida malakali mahalliy quruvchilar bilan birga Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi mamlakatlarning yetuk mutaxassislari ishtirok etdi», deb yozadi gazeta.
Maqolada markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress xoll, «Boqiy shahar» majmuasi, amfiteatr va ko‘plab boshqa inshootlar qurilgani haqidagi batafsil maʼlumotlar mushtariylar eʼtiboriga havola etilar ekan, markazning «Buyuk ipak yo‘li» deb nomlanganida chuqur maʼno borligi alohida qayd qilingan.