O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi
MASQAT, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning O‘mon Sultonligidagi elchixonasida ushbu mamlakatning «Akbar Travels» sayyohlik kompaniyasi menejerlari Xyubert Peters, Sanjiv Alangad va Anil Kumar bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida mamlakatimizning turistik salohiyati haqidagi batafsil maʼlumotlar o‘rtoqlashilar ekan, yaqinda Samarqandda barpo etilgan yangi xalqaro aeroport, «Boqiy shahar» majmuasi, yurtimizning turli hududlaridagi muqaddas qadamjolar va so‘lim maskanlarning taqdimoti o‘tkazildi.
O‘mon kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholashdi. Ular O‘zbekiston borayotgan sayohatchilar soni yildan-yilga ortayotganidan xabardor ekanliklarini maʼlum qilishdi. Shu sababli, «Akbar Travels» kompaniyasi mutaxassislari Arab ko‘rfazi mamamlakatlari sayyohlari uchun O‘zbekistonga qulay sayohat paketlarini ishlab chiqishga tayyor ekanligini bildirishdi.
Xyubert Petersning aytishicha, bu borada O‘zbekistonning yetakchi sayyohlik kompaniyalari bilan aloqa o‘rnatish, o‘zaro hamkorlikda mavsumiy charter havo qatnovlarini tashkil qilish salmoqli natija berishi mumkin. Shuning uchun u kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida sheriklikda ishlash istagini bildirgan o‘zbek turoperatorlari bilan onlayn muzokaralar o‘tkazish taklifini bildirdi.
Uchrashuv yakunida «Akbar Travels» sayyohlik kompaniyasi bilan turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirishga kelishib olindi.