OHIChK Kotibiyatining Ijrochi direktori bilan uchrashuv
2019-yilning 4-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChK) Kotibiyati Ijrochi direktori Habibullo Mirzozoda bilan uchrashdi. U 2-noyabr kuni Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari (bosh vazirlari) kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Toshkent shahriga kelgan.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va OHIChK hamkorligiga oid keng ko‘lamli masalalar, shu jumladan, mamlakatimizning ushbu tashkilotdagi rolini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Habibullo Mirzozoda O‘zbekiston delegatsiyasining joriy yil 15-iyun kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan OHIChK Davlat rahbarlari sammitidagi ishtirokini va Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni yuqori baholadi. U yoshlar radikallashuviga qarshi birgalikda kurashish va dinlararo hamkorlik sohasida muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligini to‘g‘risidagi mamlakatimiz rahbari fikrlari OHIChKning barcha 27 ishtirokchi davlatlari uchun muhim ekanligini ta’kidladi.
OHIChK doirasida ilm-ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston taklifiga alohida ahamiyat qaratildi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.