Saylov kampaniyasini yoritish bo‘yicha 300 ga yaqin mahalliy va chet el jurnalisti akkreditatsiyadan o‘tkazildi
Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida aytib o‘tildi. Majlis kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligi sayloviga doir saylov byulleteni shakli va matnining namunasini tasdiqlash, OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari o‘rin oldi. Shuningdek, Xalqaro matbuot markazi Surxondaryo viloyati bo‘limining saylov jarayoniga tayyorgarligi haqidagi axboroti tinglandi.
Dastlabki masala bo‘yicha MSK doimiy a’zosi Bahodir Yunusov ma’lumot berdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlariga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi, – dedi B.Yunusov. – Mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni esa viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan tasdiqlanadi. Saylov byulleteniga nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi va uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi.
Saylov byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish bo‘lishi kerak. Saylov byulletenlari o‘zbek tilida, shuningdek, okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda nashr etiladi. Saylov byulletenlari brayl alifbosi asosida tayyorlanishi mumkin.
B.Yunusov ta’kidlaganidek, uchastka saylov komissiyalari saylov byulletenlarini ovoz berish kuniga, shu jumladan, muddatidan oldin ovoz berish kuniga kamida uch kun qolganida okrug saylov komissiyalaridan oladi. Saylov byulletenlarining topshirilganligi hamda qabul qilinganligini okrug va uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari yoxud kotibi tegishli hujjatda o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi.
Uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov byulletenlarining soni uchastka bo‘yicha ro‘yxatlarga kiritilgan fuqarolar soniga nisbatan yarim foizdan ortiqroq bo‘lishi mumkin emas. Saylov byulleteni o‘ng tomonining yuqori burchagiga uchastka saylov komissiyasining ikki a’zosi imzo qo‘yadi, imzolar uchastka komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi. Uchastka saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanmagan saylov byulletenlari ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi.
Qayd etish joiz, OAV vakillari saylov kampaniyasi davrida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatishi lozim. Shuningdek, jurnalistlar o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etishi uchun akkreditatsiya qilinadi. OAV vakillari saylov kampaniyasi boshlangani rasman e’lon qilingan kundan boshlab, qoida tariqasida, saylovga kamida o‘n besh kun qolgunga qadar Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalariga akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida murojaat qilishi mumkin.
Ma’lumot berilishicha, hozirgacha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlar bo‘yicha saylov kampaniyasini yoritish yuzasidan 300 ga yaqin mahalliy va chet el jurnalisti akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Bu jarayon davom etmoqda.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Ziyoning deputatlik vakolatini muddatidan oldin tugatishi masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ma’lum qilinishicha, A.Ziyo O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Tarix instituti direktori lavozimiga tayinlangan. Shu munosabat bilan u Markaziy saylov komissiyasi raisi nomiga o‘zining deputatlik lavozimini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. Ariza qanoatlantirildi.
Xalqaro matbuot markazi Surxondaryo viloyati bo‘limining saylov jarayoniga tayyorgarligi haqidagi axborotida keltirilishicha, viloyat bo‘limi tomonidan shu kunga qadar jami 30 dan ziyod tadbir tashkil etilgan. Viloyatdagi bosma ommaviy axborot vositalarida 156 maqola chop etilgan bo‘lib, viloyat telekanallarida 271 ko‘rsatuv, lavha va rolik efirga uzatildi. Radio to‘lqinlarda esa 60 eshittirish berilgan. Ijtimoiy tarmoqlarga 1030 material joylangan.
Shu paytgacha hududda 79 nafar jurnalist saylovni yoritish bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
– To‘g‘ri, raqamlar, ko‘rsatkichlar yaxshi, – dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov. – Mana, masalan, joriy yilning 20 sentyabridan buyon respublikamiz bo‘yicha 22 ming marta chiqish qildik. Lekin raqamlarni ko‘paytirganimiz bilan aholining bir qismi haligacha saylovlar haqida yetarlicha tushunchaga ega emas. Ayniqsa, uzoq qishloqlardagi hamyurtlarimiz. Saylov targ‘ibotiga e’tiborni kuchaytirish, bu jarayonni to‘xtatmaslik lozim. 18 noyabrdan siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti boshlanadi. Tashviqotni ham targ‘ibot bilan bog‘lab olib borishimiz kerak.
M.Abdusalomov saylovlarda qatnashishga da’vat qilish masalasiga ham alohida urg‘u berdi. Aholining saylovlarga ishonchini yo‘qotmaslik kerak. Demak, targ‘ibot, tashviqot har tomonlama muhim. MSK a’zolari o‘z harakatlarini ana shu ishlarga safarbar etishga kelishib oldi.
O‘zA