O‘zbekiston Prezidenti XXR Raisi Si Szinpinni Xitoy Kommunistik partiyasining XX qurultoyi muvaffaqiyatli o‘tgani va uning partiya Bosh kotibi lavozimiga qayta saylangani bilan qutladi
O‘zbekiston Prezidenti XXR Raisi Si Szinpinni Xitoy Kommunistik partiyasining XX qurultoyi muvaffaqiyatli o‘tgani va uning partiya Bosh kotibi lavozimiga qayta saylangani bilan qutladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Xitoy Kommunistik partiyasining XX qurultoyi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda u partiyaning Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
"Xitoy Xalq Respublikasi Sizning rahbarligingiz ostida misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda. Uzoqni ko‘zlagan dono siyosatingiz, olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlaringiz, avvalo, Xitoy xalqining turmush tarzini tubdan yaxshilashga va mamlakatning bardavom taraqqiyotini mustahkamlashga xizmat qilmoqda", deya Prezident qutlovnomasidan iqtibos keltiradi davlatimiz rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov.
O‘zbekiston yetakchisi Si Szinpin tomonidan eʼlon qilingan yangi rejalar va olg‘a surilgan barcha tashabbuslar Xitoy davlatining gullab-yashnashiga munosib hissa qo‘shishi va uning xalqaro nufuzini yana-da yuksaltirishiga ishonch bildirgan.
Bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning yetakchi savdo hamkoriga aylangani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotgani alohida qayd etilgan.
"Siz, aziz birodarim bilan bundan keyin ham do‘stona va ochiq muloqotlarni davom ettirishga tayyorligimni bildiraman. Ishonchim komilki, kelajakda O‘zbekiston-Xitoy o‘zaro manfaatli aloqalarini birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan yana-da yuqori cho‘qqilarga albatta olib chiqamiz", deyiladi maktubda.
Mamlakatimiz yetakchisi Si Szinpinga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, do‘st Xitoy xalqiga esa tinchlik va bardavom ravnaq tiladi.