Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekiston kapital bozori salohiyatini roʻyobga chiqarishga yordam beradi
2019-yilning, 15-noyabr kuni Toshkentda “Oʻzbekiston iqtisodiy taraqqiyotida kapital bozorining oʻrni” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan Oliy Majlis Senati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu yirik tadbir xalqaro moliyaviy institutlar, yirik investitsiya kompaniyalari vakillari, ekspertlar uchun oʻzaro fikr almashuv, ochiq va foydali muloqot imkonini yaratgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Konferensiya ishida qatnashgan xalqaro moliyaviy institutlar vakillari ichida Osiyo Taraqqiyot banki (OTB) Vitse-prezidenti Shisin Chen ham boʻlib, u oʻz chiqishida OTB Oʻzbekiston hukumatiga kapital bozori salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun tarkibiy kamchiliklarni yengishda yordam berishga tayyorligini maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, OTB rivojlanayotgan mamlakatlarga oʻz kapital bozorlarini isloh qilishda yordam berish borasida katta tajribaga ega. Bu moliya sektori faoliyatini diversifikatsiyalash, bozor kapitallashuvi, barqarorligi va investorlarning ishonchini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
OTB kapital bozorini chuqurlashtirish va mustahkam huquqiy-meʼyoriy bazasini yaratish maqsadida Oʻzbekistonda moliyaviy bozorlarni rivojlantirish boʻyicha yangi dasturni tayyorlamoqda.
OTB Vitse-prezidenti Oʻzbekistonda kapital bozorini rivojlantirishning asosiy omillarini ham sanab oʻtdi. Ularga koʻra, kapital bozori hukumatning bozorni erkinlashtirishni isloh qilish vositasi boʻlishi va xususiylashtirishning amaldagi rejalari sharoitida xususiy sektorni moliyalashtirishga yordam berishi mumkin. Kapital bozori infratuzilmani uzoq muddatli rivojlantirish uchun eng samarali moliyaviy yechimlarni taklif qiladi va shu bilan barqaror uzoq muddatli oʻsishni ragʻbatlantiradi. Asosan bank tizimidan moliyaviy vositachilikni diversifikatsiya qilish moliyaviy xatarlarni boshqarish va iqtisodiy zarbalarning tizimli taʼsirini cheklashga yordam beradi.
OʻzA