Germaniya Federal tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to‘g‘risida
Germaniya Federal tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yil 1-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Germaniya Federativ Respublikasi Federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Germaniya kun tartibining hamda ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Germaniya tomoniga asosiy ustuvor yoʻnalishi Markaziy Osiyo etib belgilangan Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy jihatlari va erishilgan natijalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, tashrif va tajriba almashish amaliyotini davom ettirish, turli yo‘nalishlarda qo‘shma tadbirlar tashkil etishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi ma’lum qilindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Germaniya bozoriga keng turdagi sifatli va raqobatbardosh O‘zbekiston mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish, Germaniyaning yetakchi kompaniyalarini jalb etgan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Germaniya tomoniga respublikamizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida maʼlumot berildi. Qayd etilganidek, yangi qomus bilan Oʻzbekistonni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasining mustahkam huquqiy asosi, kafolati yaratiladi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni, ayniqsa, ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Vazirlar inson huquqlarini taʼminlash sohasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligi haqida yakdil bo’ldilar. Shu nuqtayi nazardan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Germaniya Inson huquqlari instituti oʻrtasida muloqot oʻrnatish zarurligi qayd etildi. V.Norov germaniyalik ekspertlarni joriy yilning 5-6-dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha global forumga taklif qildi.
Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida, xususan, “Yashil makon” umummilliy dasturi va Germaniya tashqi ishlar vazirligining “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasidagi hamkorlikning alohida jihatlarini muhokama qildilar.
A.Berbok O‘zbekistonning Orol dengizi inqirozi oqibatlariga qarshi kurashishdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi va Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar, jumladan, Afg‘onistondagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
***
Muzokaralar yakulari bo‘yicha Oʻzbekiston va Germaniya ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.