O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri V.I.Norovning Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanidagi nutqi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri V.I.Norovning Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanidagi nutqi
Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!
Avvalo, Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti va uning doirasida o‘tkazilgan tadbirlarga e’tiboringiz hamda faol ishtirokingiz uchun har biringizga minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Sizlarning faoliyatingiz tufayli Tashkiloning nufuzi yanada mustahkamlanib, jahon hamjamiyatining unga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda.
So‘nggi kunlarda O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining turli tadbirlari uchun uchrashuv va muzokaralar maydoniga aylandi.
Xalqaro forum, konferensiyalar va uchrashuvlarda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan rasmiy xorijiy delegatsiyalar va mehmonlar samimiy kutib olindi.
O‘zbekiston Prezidenti, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev raisligida 6 ta a’zo va kuzatuvchi davlatlar rahbarlari, Bosh kotib va tuzilmalar rahbarlari ishtirok etgan bugungi sammit yurtimizda Toshkilot doirasida bo‘lib o‘tgan barcha voqealarning mantiqiy yakuni bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti Sammit mehmonlarini qutlar ekan, hamkasblariga qadimiy va hamisha navqiron Samarqandni Turkiy sivilizatsiya poytaxti deb e’lon qilishni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Darhaqiqat, bu qaror o‘z-o‘zidan qabul qilinmadi. Zero Samarqand shahri butun turkiy xalqlarning faxridir.
U buyuk turkiy sulolalarning poytaxti bo‘lib, turkiy xalqlarning davlatchiligi, ilm-fan va san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan makon hisoblanadi.
“Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida o‘tkazilgan sammit turkiy davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik uchun yangi ufqlar va istiqbollarni ochdi.
Davlatimiz Rahbari ta’kidlaganidek, bu safargi sammitning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, turkiy oila ko‘p asrlik tariximizda ilk bor yangilangan tashkilotimiz doirasida to‘liq yig‘ildi.
Turkmaniston Xalq Maslahati “Milliy Gengesh” raisi hurmatli Gurbanguli Berdimuhamedov va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on Janobi Oliylarining Turk dunyosining eng oliy ordeni bilan taqdirlanishi Sammitning muhim voqeasi bo‘ldi.
O‘zbekiston rahbari ushbu mukofotlar ikki qardosh davlatning xalqlarimiz birligini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlariga berilgan yuksak baho ekanini ta’kidladilar.
Shu bilan birga, tomonlarning yakdillik bilan qabul qilgan qarori asosida
o‘tgan yili O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan ta’sis etilgan Turkiy dunyo birligini ta’minlashga qo‘shgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot buyuk qirg‘iz yozuvchisi, davlat va jamoat arbobi, shuningdek, turkiy xalqlar tarixi va madaniyatini butun dunyoga yoyishda beqiyos hissa qo‘shgan betakror shaxs Chingiz Aytmatovga (abadiy) berildi.
Hurmatli matbuot anjumani ishtirokchilari!
Sammit chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Turkiy davlatlar tashkiloti o‘z taraqqiyotining yangi, yanada muhim bosqichiga qadam qo‘ymoqda, u hamkorlikning ko‘plab ustuvor vazifalarini hal qilishi kerak” deb aytib o‘tdilar.
Shu nuqtayi nazardan, Mamlakatimiz Rahbari Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha qator aniq taklif va amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.
Avvalo, o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, «yashil» iqtisodiyot, axborot texnologiyalari va transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish orqali savdo-iqtisodiy aloqalar asoslarini mustahkamlash muhimligi qayd etildi.
Ushbu g‘oyalarni amalga oshirish maqsadida Tashkilot shafeligida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonlari”ni shakllantirish, Xalqaro turkiy iqtisodiy forumni o‘tkazish, transport sohasida hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, Tashkilot makonida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishning samarali mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha bitim tuzish va ushbu hujjat orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligiga alohida urg‘u berdilar.
Yoshlar sohasidagi hamkorlikka e’tibor qaratilib, kelasi yili Turkiy davlatlar yoshlarining fan va innovatsiyalar bo‘yicha xalqaro kongressini o‘tkazish taklif etildi.
Bundan tashqari, Davlatimiz Rahbari hamkasblarini tashkilotning institutsional islohotlarini amalga oshirishga chaqirdi. Xususan, xavfsizlik, savdo, investitsiya, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, turizm, fan va texnologiya, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda qo‘mitalar tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Aziz do‘stlar,
Sammit kun tartibiga ko‘ra, davlatlar rahbarlari do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan muzokaralar chog‘ida Tashkilot doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi, mintaqaviy va xalqaro vaziyat yuzasidan fikr almashdilar.
Turkiy davlatlar yetakchilari jahonda ro‘y berayotgan voqealarning jadallashuvi va xalqaro munosabatlardagi o‘zgarishlar Turkiy davlatlar tashkilotini zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zarurligini taqozo etishini aytib o‘tdilar.
Ishtirokchilar e’tiborni zamonamizning kuchayib borayotgan tahdid va tahlikalarini yengish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida strategik masalalar bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligiga qaratishdi.
Shu nuqtayi nazardan, davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tinchlik va barqarorlikni, keng xalqaro hamkorlikni ta’minlash va insoniyatning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan “Umumiy xavfsizlik va farovonlik uchun Samarqand birdamlik tashabbusi”ni olqishladilar.
Xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan a’zo davlatlarning kelishilgan pozitsiyalari sammitning asosiy yakuniy hujjati sifatida qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasida qayd etildi.
Shuningdek, u mintaqaviy va global muammolarni hal qilishda tomonlarning umumiy yondashuvlarini aks ettiradi va Tashkilotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha 10 dan ortiq ko‘ptomonlama hujjat qabul qilindi. Bu esa, shubhasiz, Tashkilot faoliyatining istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni sifat jihatidan yangi amaliy mazmun bilan to‘ldirishga xizmat qiladi.
“Turkiy nigoh - 2040” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Turkiy davlatlar tashkiloti strategiyasining qabul qilinganini alohida qayd etib o‘tmoqchiman.
Bu hujjatning amalga oshirilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Pandemiyadan keyingi davrda va jahon iqtisodiyotidagi notinchlikning kuchayishi sharoitida Tashkilot makonida iqtisodiy tiklanishni jadallashtirish maqsadida a’zo davlatlar o‘rtasida Savdoni yengillashtirish strategiyasi tasdiqlandi va Soddalashtirilgan bojxona koridorlari tizimini shakllantirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Turkiy investitsiya fondini qisqa muddatlarda tashkil etish to‘g‘risidagi qaror o‘ziga xos bir yutuq bo‘ldi deb hech shubhasiz ayta olamiz.
Bu Tashkilot mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli loyiha bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda va real sektorlarda hamkorlikni rivojlantirishda umumiy kuchli siyosiy-huquqiy irodani namoyon etdi.
Bundan tashqari, Sammit doirasida Xalqaro aralash yuk tashishlar to‘g‘risidagi bitim va Transport bog‘liqligi dasturi imzolandi.
Bu esa transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Tashkilot faoliyatini takomillashtirish, uning institutsional asoslarini mustahkamlash maqsadida Naxichevan bitimiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi Protokol va Tashkilotning yangi tahrirdagi ichki qoidalari qabul kilindi.
Ular Tashkilotimiz faoliyatida tenglik, o‘zaro hurmat va barcha qarorlarni konsensus asosda qabul qilish kabi hamkorlikning asosiy qadriyatlariga sodiqlikni tasdiqlaydi.
Aziz do‘stlar,
Samarqand sammiti barqarorlik, xavfsizlik va uzluksiz taraqqiyotni ta’minlash manfaatlari yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashning yangi yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.
Bundan tashqari, Sammit Turkiya Respublikasining muvaffaqiyatli raisligini yakunladi va bu davlat rahbarlari tomonidan yuqori baholandi.
Raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tdi va u albatta samaradorlik va amaliy natijalarga qaratiladi.
A’zo davlatlar O‘zbekiston Prezidentining kelayotgan 2023-yilni Turkiy sivilizatsiyaning yuksalishi yili deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi.
O‘zbekiston Tashkilot xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni konstruktiv muhokama qilish, turkiy dunyoda qardosh xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalar va an’analarni mustahkamlash uchun samarali xalqaro platforma bo‘lib xizmat qilishda davom etishi uchun sa’y-harakatlarini izchil amalga oshirib borishini ishontirib aytmoqchiman.
Qozog‘iston tomonining taklifiga ko‘ra, Tashkilotning navbatdagi sammitini 2023 yilda Qozog‘istonda o‘tkazishga qaror qilindi.
So‘zim so‘ngida shuni alohida aytib o‘tishni istardimki, Sammit yakunida muhtaram Bag‘dod Kultayevichning Bosh kotiblik vakolati muddati tugadi.
Davlat rahbarlari uning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlikni mustahkamlashdagi g‘ayratli va samarali faoliyati uchun minnatdorchilik bildirdilar.
Hurmatli Bag‘dod Kultayevichning yangi ishlarida o‘z nomimdan ham muvaffaqiyatlar tilab qolaman.
Qirg‘iziston Respublikasi nomzodi, hurmatli Omuraliyev Kubanichbek Qosimovich, Turkiy davlatlar tashkiloti yangi Bosh kotibi lavozimiga tasdiqlandi. Uning kelgusi faoliyatida zafarlar tilayman.
E’tiboringiz uchun tashakkur.