Finlyandiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv toʻgʻrisida
Finlyandiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2022-yil 1-dekabr kuni amaliy tashrif bilan Lodz shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Finlyandiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto bilan uchrashdi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Vazirlar iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish muhimligini taʼkidladilar, “Finnpartnership” koʻmagida 2022-yil 1-noyabr kuni Toshkent shahrida Finlyandiyaning qator kompaniyalari ishtirokida “yashil” texnologiyalar, energetika, suv xoʻjaligi, qurilish materiallari sohasida oʻtkazilgan biznes-forumning samarali natijalarini olqishladilar. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari, jumladan, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Finlandiyaning “EastCham Finland” kompaniyasi oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Ekspertlarning oʻzaro tashriflarini tashkil etish, oʻqituvchi va talabalar almashinuvi dasturlari, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Vazirlar BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik Trast fondi doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashdilar.
Parlamentlararo muloqotni faollashtirish va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekani tasdiqlandi.
Shuningdek, xalqaro kun tartibidagi ayrim masalalar koʻrib chiqildi.