Buyuk Britaniya delegatsiyasi bilan uchrashuv toʻgʻrisida
Buyuk Britaniya delegatsiyasi bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2022-yil 1-dekabr kuni YEXHT Vazirlar kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Lodz shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, hamdoʻstlik va rivojlanish ishlari boʻyicha davlat kotibi Jeyms Kleverli bilan uchrashdi.
Suhbat chogʻida ham ikki tomonlama, ham mamlakatlarimiz oʻrtasidagi xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikka oid keng koʻlamli masalalar muhokama qilindi.
Parlamentlararo muloqotni faollashtirish, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari vakillarining oʻzaro tashriflarini tashkil etish va turli sohalarda tajriba almashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi, kuni kecha Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya savdo va sanoat kengashining 26-yigʻilishi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi muloqotni faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, ikki davlat ham boy tarixiy merosga ega boʻlib, bu jabhada madaniy va ilmiy aloqalarni chuqurlashtirish imkoniyatlari mavjud. Tomonlar ilm-fan va taʼlim muassasalari, muzey va kutubxonalar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, bu borada qoʻshma loyihalarni amalga oshirish tarafdori ekanligini bildirdi.
Tomonlar hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini aniqlash maqsadida turli darajadagi muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. V.Norov britaniyalik hamkasbini Oʻzbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi.
Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim masalalari ham koʻrib chiqildi.