Portugaliya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to’g’risida
Portugaliya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to’g’risida
2022-yilning 2-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Lodz shahrida bo‘lib o‘tgan YXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtiroki davomida Portugaliya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Joau Gomes Kravinyo bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda O‘zbekiston-Portugaliya hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Portugaliyani katta iqtisodiy, texnologik, madaniy, intellektual salohiyatga va boy tarixga ega Yevropa Ittifoqidagi istiqbolli hamkor sifatida bilishi alohida ta’kidlandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati hamda Portugaliya Assambleyasi o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish, o‘zaro tashriflar amalga oshirish, parlamentlararo do‘stlik guruhlarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Ikki mamlakat ilmiy markazlari va yetakchi universitetlari o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali madaniy-gumanitar hamkorlikni, xususan, ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Portugaliya hududlari, xususan, Buxoro va Portu shaharlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.