Kanada tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar to‘g‘risida
Kanada tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar to‘g‘risida
YXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining Polshadagi 29-yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Kanada Tashqi ishlar vaziri Melani Joli bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Kanada hamkorligining diplomatik, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy bazasini kengaytirish, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Kanadalik investorlarni O‘zbekistonning turli tarmoqlaridagi loyihalarga jalb etish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali iqtisodiy diplomatiyani faol rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro tashriflar va Kanada universitetlari bilan akademik dasturlarni amalga oshirish, Kanadaning yetakchi universitetlarining O‘zbekistonda filiallarini ochish orqali ilmiy va ta’lim sohasidagi aloqalarni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida qardosh shahar munosabatlarini o‘rnatish, ekologiya, raqamlashtirish va “yashil iqtisodiyot” yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.