Yaponiya Elchisi bilan uchrashuv
Yaponiya Elchisi bilan uchrashuv
2022-yil 5-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Takashi Xatorini qabul qildi.
Uchrashuv Elchining ishonch yorliqlari nusxalarini topshirish marosimi bilan boshlandi. Vazir Elchini lavozimga kirishishi bilan tabriklab, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Yaponiya strategik sheriklik munosabatlari va koʻp qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yuqori darajadagi ishonch va oʻzaro anglashuvga erishish, keng koʻlamli sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun zarur mexanizmlarni yaratish imkonini bergani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha choralar koʻrish zarurligi taʼkidlandi.
Boʻlajak qoʻshma tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlari, jumladan, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti yig‘ilishi o‘tkazish masalalari koʻrib chiqildi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi munosabatlarni faollashtirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.