Ruminiya Elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
Ruminiya Elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yilning 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Ruminiyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Daniel Kristian Chobanuni qabul qildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. 2022-yilda siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik yakunlari sarhisob qilindi, 2023-yilga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Elchi Ruminiya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga turtki berayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak qadrlashini alohida ta’kidladi.
Qaydetilganidek, tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy o‘sish sur’atlari kuzatilayotganiga qaramay, joriy tovar ayirboshlash hajmi ikki mamlakatning mavjud salohiyatiga mos kelmaydi. Shu nuqtayi nazardan, iqtisodiy diplomatiyaning qo‘shma mexanizmlarini, xususan, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Ruminiya hukumatlararo komissiyasi faoliyatini qayta tiklash orqali takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Parlamentlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, sog‘liqni saqlash, mashinasozlik va kimyo sanoati sohalarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Davlatlararo munosabatlarning huquqiy bazasini kengaytirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.