Bosh Qomusimizning 30 yilligi munosabati bilan esdalik nishonlar topshirildi
Bosh Qomusimizning 30 yilligi munosabati bilan esdalik nishonlar topshirildi
2022-yil 7-dekabr kuni Tashqi ishlar vazirligida “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonini tantanali topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Unda Tashqi ishlar vazirligi Markaziy apparati xodimlari, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov mustaqilligimiz ramzi boʻlgan Bosh qomusimizning yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi oʻrni va ahamiyati haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Xususan, Tashqi ishlar vazirligi oʻz faoliyatini ushbu fundamental Qonun asosida tashkil etib kelmoqda. Natijada bugungi kunda mamlakatimiz Markaziy Osiyo mintaqasida oʻzaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi yangi siyosiy muhitni yaratishga muvaffaq boʻldi.
Bundan tashqari, dunyoning qudratli davlatlari va boshqa strategik hamkorlarimiz bilan yangi formatdagi amaliy aloqalar yoʻlga qoʻyildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashida aʼzo sifatida faol qatnashmoqda. Bu ijobiy jarayonlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan, shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan yurtdoshlarimiz qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Vazirlik Markaziy apparati xodimlari hamda mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoniga loyiq deb topildi.
Tantanali ayyom arafasida, oʻzining faolligi, yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarayotgan, tashabbuskor, Yangi Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi oʻrnini mustahkamlashga oʻz hissasini qoʻshayotgan Markaziy apparat xodimlari hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar fga Tashqi ishlar vaziri nomidan Tashakkurnoma eʼlon qilish toʻgʻrisida boʻyruq imzolandi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari A.Paygamov ishtirok etdi.