Tashqi ishlar vazirligida AQSh Elchisi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
Tashqi ishlar vazirligida AQSh Elchisi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg'oniston bo'yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Amerika Qo'shma Shtatlarining Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Devid Xannik bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuv davomida tomonlar Afg'onistondagi mavjud vaziyatni, Afg'oniston yo'nalishida O'zbekiston-Amerika muloqotini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Elchi O'zbekiston Rahbariyatining Afg'oniston xalqiga gumanitar yordam ko'rsatish bo’yicha olib borayotgan siyosatiga yuksak baho berdi. Shuningdek, Afg'oniston muammosini tinch yo'l bilan hal etish masalasida O'zbekiston va Qo'shma Shtatlar o'rtasida yanada yaqin hamkorlik qilish muhimligi ta'kidlandi.
Tomonlar Afg'onistonda milliy yarashuvga imkon qadar tezroq erishish, shuningdek, mamlakatning yangi hukumati tomonidan jahon hamjamiyati oldidagi majburiyatlarini bajarish zarurligi to'g'risida kelishib oldilar.