O'zbekiston Prezidentining BMT shafeligida Afg'oniston bo'yicha yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini tashkil etish borasidagi tashabbusini amalga oshirish yo'llari muhokama qilindi
O'zbekiston Prezidentining BMT shafeligida Afg'oniston bo'yicha yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini tashkil etish borasidagi tashabbusini amalga oshirish yo'llari muhokama qilindi
2022-yil 15-dekabr kuni Nyu-Yorkda O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMT Bosh kotibining siyosiy va tinchlik o'rnatish masalalari bo'yicha o'rinbosari Rozmari DiKarlo bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuvda BMT bosh kotibining o'rinbosari O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 13 oktabr kuni Osiyoda o'zaro hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha VI sammit davomida ilgari surilgan BMT shafeligida Afg'oniston bo'yicha xalqaro muzokaralar guruhini tashkil etish tashabbusi mazmun-mohiyati haqida batafsil ma'lumot berildi.
R.DiKarlo O'zbekiston Prezidentining Afg'oniston masalalari bo'yicha keng kelishuvga erishish va global miqyosda amaliy choralar ko'rishga qaratilgan tashabbusini olqishladi. Shu bilan birga, u O'zbekistonning Afg'oniston masalasini hal qilish borasidagi sa'y-harakatlarini yuqori baholadi. U Tashkilotga a'zo davlatlar o'rtasida mazkur muhim tashabbusni faol ilgari surish, yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini shakllantirishning kontseptual va huquqiy asoslarini imkon qadar tezroq shakllantirish bo'yicha birgalikda ishlashga tayyorligi tasdiqlandi.
R.Dikarlo O'zbekiston tashabbusining amalga oshirilishi Afg'onistonda, shu jumladan, inson huquqlarini himoya qilish, inklyuziv hukumatni shakllantirish va boshqa sohalarda xalqaro hamjamiyatning talablari ro'yobga chiqishiga yordam berishiga umid bildirdi.
Tomonlar Afg'oniston bo'yicha xalqaro muzokaralar guruhini tashkil etish bo'yicha O'zbekiston tashabbusini masalasini ilgari surish bo'yicha muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.