Sirdaryo viloyati va O'monning Janubiy ash-Sharqiya muhofazasi o'rtasida hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yiladi
Sirdaryo viloyati va O'monning Janubiy ash-Sharqiya muhofazasi o'rtasida hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yiladi
MASKAT, 16-noyabr. "Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi rahbariyati O'monning Janubiy ash-Sharqiya muhofazasi (viloyati) hokimi Yahyo bin Badr al-Mavali bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida O'zbekiston-O'mon munosabatlarining hozirgi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
O'zbekiston elchisi Abdusalom Xatamov yurtimizda davlatimiz rahbari rahnamoligida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar va ularning samarali natijalari, shuningdek, arab davlatlari, xususan Ko'rfaz arab davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor haqida batafsil so'zlab berdi.
Janubiy ash-Sharqiya muhofazasi hokimiga Sirdaryo viloyati bilan hududlararo aloqalarni yo'lga qo'yish, ushbu masalalarni muhokama qilish maqsadida muhofaza delegatsiyasining yurtimizga tashrifini uyushtirish, ikki viloyat tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum o'tkazish taklifi bildirildi.
Hokim Yahyo bin Badr al-Mavali bildirilgan takliflarni qo'llab-quvvatlashini va mamlakatlarimiz o'rtasida rivojlanib borayotgan aloqalarga o'z hissasini qo'shishga tayyorligini bildirdi. U, shuningdek, O'zbekistondan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini import qilish imkoniyatlari mavjudligini ham ta'kidladi.
O'zbekiston diplomatlari, shuningdek, O'mon Savdo-sanoat palatasining Janubiy ash-Sharqiya muhofazasi boshqarmasi rahbari Anvar as-Sananiy va hudud tadbirkorlari bilan uchrashdilar. Unda O'zbekistonda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit va investorlarga berilayotgan imkoniyatlar, mamlakatimizga sarmoya kiritishning afzalliklari borasida atroflicha ma'lumot berildi. O'monlik tadbirkorlar O'zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni o'rnatishga chaqirildilar.
Muloqot yakunida joriy yilda Sirdaryo viloyatida O'zbekiston-O'mon biznes-forumini o'tkazish yuzasidan ahdlashib olindi.