YeXHT ekspertlari O‘zbekistonda
2019 yilning 23 noyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) saylov jarayonlarini kuzatish bo‘yicha to‘laqonli missiyasi joriy yil 22 dekabrda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi.
Missiyani italiyalik Kaetana De Zulueta Outram boshqarmoqda. Missiya tarkibidan siyosiy, saylovlar, yuridik va OAV masalalari bo‘yicha ekspertlar o‘rin olgan.
Xalqaro kuzatuvchilardan iborat delegatsiya a’zolari Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda saylov qonunchiligi xalqaro standartlar va ijobiy xorijiy amaliyotga muvofiq takomillashtirib borilayotganligiga alohida urg‘u berildi. Bu borada saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, saylov komissiyalari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha normativ huquqiy hujjatlar muhim ahamiyat kasb etayotganligi ta’kidlandi.
Xususan, respublikada saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi. Ro‘yxat asosida Saylov jarayonini boshqarish bo‘yicha axborot tizimi joriy etildi. U o‘z ichiga bir qator vazifalarni qamrab olgan. Jumladan, bu tizim fuqarolarni saylov uchastka komissiyalariga taqsimlash, saylovchi o‘zi yashab turgan joyga aloqador uchastka haqida ma’lumot olish hamda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatini osonlashtirish imkoniyatini beradi.
Joriy yilgi saylovlarda 20 million 600 mingga yaqin saylovchining ovoz berishi kutilmoqda. Ularning 2 milliondan ortig‘ini birinchi marta saylovda qatnashadigan yoshlar tashkil etadi.
Qolaversa, joriy yilda mamlakatimiz tarixida ilk bor saylov bilan bog‘liq barcha huquqiy me’yorlarni o‘z ichiga qamrab olgan yaxlit qonun hujjati – O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi ishlab chiqilib, qabul qilingani, ushbu muhim hujjat loyihasi 50 dan ortiq davlat saylov qonunchiligini tahlil etgan holda ishlab chiqilib, keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlar ekspertizasidan o‘tkazilgani aytib o‘tildi.
Joriy yilning iyul oyida Markaziy saylov komissiyasi yurtimizning muhim siyosiy tadbirni ochiq va oshkora, umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga muvofiq ravishda o‘tkazishga tayyorligini inobatga olib, xalqaro majburiyatlardan kelib chiqqan holda, YeXHT DIIHBni saylovoldi vaziyatni va bo‘lajak saylovlarga tayyorgarlikning borishini baholash uchun taklif etgan edi. O‘shanda Respublikamizda bo‘lgan YeXHT DIIHBning Ehtiyojlarni baholash bo‘yicha missiya (EBM)si mamlakatda erkin va demokratik saylovlar o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadi. Xususan, Ehtiyojlarni baholash bo‘yicha missiyaning hisobotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohasida, shu jumladan, valyutani tartibga solishni liberallashtirish, viza rejimini soddalashtirish va qo‘shnilar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, bir qancha siyosiy mahbuslarni ozod etish va huquqni muhofaza qilish tizimidagi uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi bosqichi keng ko‘lamli missiyani jo‘natish uchun asos bo‘lishi ta’kidlangan.
Hisobotda saylovlar saylov qonunchiligi sezilarli darajada yangilangan sharoitda o‘tishi alohida ko‘rsatilgan. O‘zbekiston tomonidan jazoni o‘tash joylarida saqlanayotgan ayrim toifadagi shaxslarning saylovlarda ishtiroki borasidagi cheklovlarning olib tashlangani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov prinsiplariga zid bo‘lgan Qonunchilik palatasidagi o‘rinlar uchun kvotalar institutining bekor qilingani va YeXHTning yana boshqa bir qator tavsiyalari bajarilgani ijobiy baholangan.
Qayd etish lozim, mamlakatimizga tashrif buyurgan saylovni kuzatish missiyasi saylovni baholashda YeXHT majburiyatlari, demokratik saylov o‘tkazilishining xalqaro standartlari va talablari hamda milliy qonunchilikka tayanadi.
Kuzatuvchilar saylov kampaniyasi tadbirlarini, saylov ma’muriyati va mutasaddi tashkilotlar faoliyatini, qonunchilikka rioya qilish jarayonlarini kuzatadi. Ekspertlar saylov tadbirlari ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishini monitoring qilib boradi.
Kuzatuvchilar cheklangan missiyasining o‘ttizga yaqin kuzatuvchisi qatnashgan avvalgi parlament saylovlaridan farqli tarzda, bo‘lajak saylovlarda uch yuzga yaqin vakil ishtirok etishi kutilmoqda. Saylov kuni kuzatuvchilar saylov uchastkalarining ochilishi, ovoz berish jarayoni, ovozlarni sanash va uning natijalarini taqdim qilish jarayonlarini kuzatadi.
O‘zA