2025-yil 19–20 avgust kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligida, Bahrayn Qirolligiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya Bahrayn hukumati rahbarlari va vazirlik vakillari, shuningdek mamlakat ishbilarmon doiralari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Bahrayn Bosh vaziri o‘rinbosari Shayx Xolid bin Abdullo Al Xalifa bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasidagi hamkorlikning barcha yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tomonlar do‘stona aloqalar uchun mustahkam poydevor yaratishga, shuningdek iqtisodiyotdan madaniyatgacha, ta’limdan geosiyosatgacha bo‘lgan samarali hamkorlik imkoniyatlariga sodiqlikni ta’kidladi.
Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdulⅼatif bin Rashid al-Zayani bilan muzokaralarda siyosiy muloqotni kengaytirish, savdo, investitsiya va institutlararo tajriba almashishni ko’paytirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Mintaqaviy va global hamkorlikning dolzarb masalalari, xususan Markaziy Osiyo va Ko’rfaz davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Muzokaralar natijasida diplomatik pasport egalari uchun vizalarni bekor qilish to’g’risidagi Bitim imzolandi.
Bundan tashqari, Bahrayn moliya va milliy iqtisodiyot vaziri Shayx Salmon bin Xalifa Al-Xalifa va Bahrain Mumtalakat Holding Company bosh ijrochi direktori Shayx Abdullo bin Xalifa Al-Xalifa bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Aloqalarimizni har tomonlama rivojlantirish, ikki tomonlama munosabatlariga yangi sur’at bag‘ishlash, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish va boshqa ko’plab masalalar muhokama qilindi.
Bahrayn sanoat va savdo vaziri Abdulla Adel Faxro bilan o‘tgan suhbatda ikki tomonlama iqtisodiy va savdo hamkorligini mustahkamlash, sarmoyaviy, innovatsion va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi imkoniyatlarni o‘rganish muhimligi ta’kidlandi. Asosiy sohalarda tajriba almashish zarurligi qayd etildi.
“Lamar Holding” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Lina Nureddin bilan O‘zbekiston va Bahrayn ishbilarmonlari o‘rtasida hamkorlik o’rnatish imkoniyatlari muhokama qilindi. “Aluminium Bahrain” (Alba) kompaniyasining bosh ijrochi direktori Ali Al Baqali bilan esa yashil energetikani ilgari surish, texnologik ishlab chiqarish, qo‘shma korxonalar va boshqa masalalarda fikr almashildi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston va Bahrayn o‘zaro hurmat, ishonch va do‘stlik ruhiga asoslangan o‘zaro manfaatli sheriklikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.