O'monning "Asdaa Oman" gazetasida "O'zbekiston – Xitoy: Turizm sohasiga sarmoya jalb etish mexanizmlari" sarlavhasi ostida maqola chop etildi.
Maqolada 2025-yilning birinchi yarmida O'zbekistonda Xitoy investorlari ishtirokida 519,5 million dollarlik 16 ta turizm loyihasi amalga oshirilganligi va bu investitsiyalar infratuzilma, mehmonxonalar, bog'lar va qo'shma turlarni yaratishga yo'naltirilgani ma'lum qilingan.
O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi turizm hamkorligi so'nggi yillarda jadal rivojlanayotganligi – turistlar oqimi ortib, investitsiyaviy sheriklik kuchayotganligi bildirilgan. Turizm sohasi ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim o'rin tutayotganligi ta'kidlangan.
"O'zbekiston Xitoyda o'tkazilgan "CSITE", "GITF" va "ITE" kabi yirik sayyohlik ko'rgazmalarida faol ishtirok etdi. Shuningdek, Xitoyning 9 ta yirik shahrida targ'ibot turlari o'tkazilib, "Shinjon–O'zbekiston" va "Ipak yo'li sarguzashtlari" kabi qo'shma turlar namoyish etildi", – deyilgan materialda.
Natijada 40 dan ortiq hamkorlik bitimlari imzolandi. 3-iyul kuni Samarqandda bo'lib o'tgan "Ipak yo'li turizmi" xalqaro forumida mintaqaviy investitsiyaviy tashabbuslar va "Arda Xiva" markazi, Buxoro va Samarqand merosi asosida yangi turistik mahsulotlarni yaratish muhokama qilindi.
"O'zbekistonga xitoylik sayyohlar soni ortishi natijasida, "China Eastern", "Air China" va "China Southern" kabi aviakompaniyalar Toshkentga muntazam aviareyslarni yo'lga qo'ydi. Bu tendensiyalar O'zbekistonni nafaqat turistik yo'nalish sifatida, balki investitsiyalar uchun jozibali manzilga aylantirmoqda", – deb yozilgan "Asdaa Oman" gazetasi maqolasida.