O'monning "Asdaa Oman" gazetasida "O'zbekiston – Xitoy temir yo'l hamkorligi: tranzit, savdo va yangi logistika imkoniyatlari" sarlavhali maqola e'lon qilindi.
Maqolada O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi munosabatlar asrlar davomida shakllangan tarixiy aloqalarga tayanganligi va bugungi kunda bu hamkorlik "Bir makon – bir yo'l" tashabbusi doirasida yangi bosqichga ko'tarilayotganligi haqida co'z yuritiladi. Jumladan, 2024-yil 27-dekabrda boshlangan "Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston" temir yo'l 2030 yilgacha yakunlanishi rejalashtirilganligi ta'kidlangan.
"Ushbu temir yo'l orqali yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyati yaratiladi. Bu nafaqat yuk yetkazib berish vaqtini, balki transport xarajatlarini ham qisqartiradi. Temir yo'l qurilishi doirasida 20 ta stansiya, 42 ta ko'prik va 25 ta tunnel quriladi. Yo'nalish Qashg'ar, Torugart, Makamal, Jalolobod va Andijon shaharlari o'tadi", – deb yozilgan maqolada.
Bundan tashqari, nashrda O'zbekiston va Xitoyda yangi logistika markazlari – jumladan, Lanchjou shahrida yuk yig'ish nuqtasi hamda Lyanyungang port shahridan foydalangan holda logistika xablari tashkil etilishi ma'lum qilingan.
"Loyiha O'zbekistonning geoiqtisodiy mavqeini mustahkamlab, mamlakatni mintaqaviy logistika markaziga aylantirishga xizmat qilishi bilan bir qatorda, xalqaro savdo va tranzit imkoniyatlarini kengaytiradi va butun mintaqa rivojiga ulkan hissa qo'shadi", – deb yozgan muallif.