O‘zbekistonning O‘mondagi Elchisi Abdusalom Xatamov “Salam Air” aviakompaniyasi direktorlar kengashi raisi janob Muhammad al-Xonji va ushbu kompaniyaning boshqaruvchi direktori janob Adrian Xamilton-Manns bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida “Salam Air”aviakompaniyasi va Respublikamiz o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, parvozlar geografiyasini kengaytirish hamda turizm va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. SalamAir rahbariyati sheriklik aloqalarini mustahkamlashga qiziqish bildirib, Markaziy Osiyo mintaqasining xalqaro aviatsiya xaritasida yangi yo‘nalish sifatida yuqori salohiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlarini batafsil ishlab chiqish maqsadida ekspertlar darajasida muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishib oldilar.