
O'monning "Asdaa Oman" nashrida O'zbekiston Prezidentining Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuviga bag'ishlangan maqola chop etildi.
Qayd etilganidek, ikki davlat rahbarlarining birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli keyingi yillarda O'zbekiston-Saudiya ko'p qirrali sheriklik munosabatlari yuksak darajaga ko'tarildi. Qo'shma loyihalarning umumiy portfeli 27 milliard dollardan oshdi. O'zaro savdo hajmi barqaror oshib bormoqda. Aviaqatnovlar soni haftasiga 60 martadan ortdi.
"Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi loyihasi qurilishi boshlandi. Bu ikki davlat o'rtasidagi samarali va uzoq muddatli hamkorlikning yorqin namunasi bo'lib xizmat qiladigan tarixiy loyihadir", – deyiladi maqolada.
Nashrda ma'lum qilinganidek, bugungi kunda "ACWA Power" kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda 15 milliard dollarlik loyihalar, jumladan, hududlarda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, "yashil" vodorodni rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda.
"O'zbekiston Prezidenti Podshohlik kompaniyalarini infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan yangi o'zaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi. O'z navbatida, Saudiya Arabistoni yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari Yangi O'zbekistonning iqtisodiy siyosati, barqaror o'sishi va qulay investitsiyaviy muhitini yuqori baholab, mamlakatimizda o'zaro manfaatli sheriklikni yana-da chuqurlashtirish, aniq loyiha va dasturlarni ilgari surish rejalarini bayon qildilar", – deb yozilgan "Asdaa Oman" maqolasi yakunida.