
Maqolada davlatimiz rahbarining 2017 yil 23 iyundagi qarori bilan ushbu ulkan va noyob loyihaga asos solingani, shuningdek, majmuaga 2018 yilning Ramazon hayitida tamal toshi qo‘yilgani e’tirof etilgan.
Markaz tarkibida 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazilgan bo‘lib, xalqaro miqyosdagi uchrashuv va ilmiy konferensiyalar o‘tkazish uchun barcha zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan, – deyiladi maqolada. – Shuningdek, majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “O‘zbekiston XX asrda” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” bo‘limlari tashkil etilgan.
Nashr davlatimiz rahbarining majmuada amalga oshirilayotgan pardozlash va jihozlash ishlarini ko‘zdan kechirgani, bo‘limlar va ko‘rgazmalarning mazmun-mohiyati, qo‘llanilayotgan interfaol texnologiyalar bilan yaqindan tanishganini qayd etarkan, eksponatlarni mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilarga har tomonlama qiziqarli hamda tushunarli qilib taqdim etish muhimligi ta’kidlanganiga e’tibor qaratgan.