
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqa barqarorligini mustahkamlash, ko‘p yillik nizolarni hal etishda ilgari kuzatilmagan faollik ko‘rsatdi. Uning rahbarligida Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegara, suv masalalariga doir eski kelishmovchiliklar bartaraf qilinib, tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik kelishuvlari imzolandi. Mintaqada ilk bor jiddiy chegara muammolari birgalashib yechilishi, umumiy tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimlar tuzilishida namoyon bo‘lgan bu jarayon O‘zbekiston yetakchisining uzoq muddatli hamkorlikni ko‘zlagan strategik qarashini yaqqol aks ettiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mintaqada infratuzilma va energetika sohalarida ham tarixiy yutuqlarga erishildi. O‘zbekistonga bir necha bor kelib, bunga shaxsan guvoh bo‘lganman. Masalan, Markaziy Osiyo davlatlarini yagona tizimga bog‘lovchi ilk elektr tarmog‘i aholiga arzon energiya yetkazib berish imkonini yaratdi. Transchegaraviy daryolar suvidan birgalikda foydalanish uchun ilk qo‘shma suv tozalash inshooti ishga tushirilishi ham mintaqa tarixida suvdan barqaror foydalanish va ehtimoliy mojarolarning oldini olish yo‘lida qo‘yilgan dadil qadamdir. Endilikda Markaziy Osiyo mintaqaning barcha davlatlarini yagona quruqliq transporti va temir yo‘l tarmog‘i bilan bog‘lovchi savdo-logistika loyihasiga ega. Hozir umumiy ichki bozor yaratilib, yuk va fuqarolar erkin harakatlanishi sezilarli darajada kuchaydi.
Ijtimoiy-madaniy yo‘nalishda yoshlar va oliy ta’lim almashinuvi bo‘yicha ilk mintaqaviy dastur ishlab chiqildi. Ayollar uchun umumiy muloqot maydonlari, madaniyat va sport forumlari tashkil etilmoqda. Bunday anjumanlarda asriy qardosh xalqlar o‘nlab yillar davom etgan tanaffusdan so‘ng yana birlashmoqda. Ayni tashabbuslar o‘zaro birodarlik ruhi, mintaqaviy o‘zlik va hamjihatlikni mustahkamlab, barqaror tus olayotgan Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligini chuqurlashtiryapti.
Prezident Mirziyoyevning sa’y-harakatlari tufayli Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi mavqei mustahkamlandi. “Markaziy Osiyo plyus” formati mintaqani Xitoy, Rossiya, AQSH kabi yirik davlatlar, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan bog‘ladi. Umid qilamizki, bu formatga arab davlatlari, jumladan O‘mon Sultonligi ham qo‘shiladi. Zero, xalqlarimizni bog‘lab turgan umumiy tarixiy ildiz mahkam.
Davrning yana bir muhim jihati – Afg‘onistonning mintaqaviy hamkorlik jarayoniga ilk bor tizimli ravishda jalb etilishidir. Hozir Shimoliy va Janubiy Osiyo o‘rtasida tinchlik, savdo va transport aloqalari rivoji uchun yangi ufqlar ochilyapti.
Bugun O‘zbekiston rahbari tashabbuskorligi tufayli Markaziy Osiyo ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan kuchli, barqaror va farovon mintaqa barpo etishga intilmoqda. Mintaqaning umumiy muammolari barqaror rivojlanish imkoniyatiga aylantirilmoqda. Umuman, mintaqa tarixida ilk bor erishilgan bunday natija mintaqaviy hamkorlikni xalqaro miqyosda o‘rnak bo‘la oladigan noyob modelga aylantirib, Prezident Shavkat Mirziyoyevni buyuk rejalarni amalda ro‘yobga chiqara oladigan yetakchi sifatida namoyon etmoqda.