
Joriy yilning 11-dekabr kuni Sulton Qobus nomidagi Arab tilini o‘qitish institutida tahsil olayotgan O‘zbekiston, Turkiya va Qozog‘istondan kelgan talabalar bilan O‘zbekiston Respublikasining O‘mondagi Elchixonasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Turkiy dunyoni munosib tarzda namoyon etayotgan ushbu fidoyi talabalar bilim va tajribalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy dunyoqarashlarini kengaytirish yo‘lida faol harakat qilmoqdalar. Uchrashuv iliq va samimiy muhitda o‘tdi. Arab mintaqasida yurtlarimiz nufuzini yuksaltirib kelayotgan talabalarimizga chuqur minnatdorlik bildirildi.
Ishtirokchilar orasida yoshlar bilan bir qatorda 60 yoshdan oshgan tinglovchilar ham borligi ilm olishning yoshi yo‘qligini yana bir bor tasdiqladi. Ularning ilmga bo‘lgan sadoqati va yuksak ishtiyoqi barchaga ilhom bag‘ishladi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga bag‘ishlangan alohida muloqot ham tashkil etildi. Ushbu suhbat xalqimizni birlashtiruvchi va mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiluvchi asosiy qadriyatlar haqida fikr almashish uchun muhim maydon bo‘ldi.