
Joriy yilning 15-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdusalom Xatamov akvakultura sohasiga ixtisoslashgan “Fish Manafe Al Musanna Trading” kompaniyasi rahbari janob Naser al-Saadiy hamda kompaniya vakillari bilan Elchixonada uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida kompaniya O‘zbekiston bozoriga kirish masalalari yuzasidan, xususan, baliq mahsulotlari yetishtirishni diversifikatsiya qilish hamda akvakultura sohasida qo‘llaniladigan ozuqa sifatini oshirishga qaratilgan bir qator takliflarni bildirdi. Ayni paytda kompaniya O‘zbekiston bozorini o‘rganish bosqichida bo‘lib, ushbu muhim sohani rivojlantirishga xizmat qiluvchi innovatsion yechimlarni taklif etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Tomonlar kelgusidagi hamkorlik O‘zbekiston iqtisodiyoti hamda kompaniya manfaatlari yo‘lida o‘zaro manfaatli va salmoqli natijalarga olib kelishiga umid bildirdilar.