Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston – Turkiya: o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning amaliy bosqichi



Ozbekiston Turkiya: ormon xojaligi sohasidagi hamkorlikning amaliy bosqichi

Bugungi kunda O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida o‘rmonlar hududini kengaytirish, yashillik darajasini oshirish, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur yo‘nalishlarda samarali natijalarga erishish maqsadida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va ularni mamlakatimizning iqlim sharoitiga mos holda amaliyotga tatbiq etish dolzarb hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi  vakillaridan iborat delegatsiyaning 2025-yil oktabr oyida Turkiya Respublikasiga tashrifi doirasida tashkil etilgan o‘quv-amaliy seminarida ishtirok etishi muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘rmon agentligi va Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur seminar doirasida ishtirokchilar Turkiyada o‘rmon barpo etish, ularni tiklash, ekologik tasniflash hamda barqaror boshqarish bo‘yicha tajribalar bilan tanishdilar. Xususan, seminarning dastlabki kunida turkiyalik mutaxassis Ahmed Yalvach tomonidan o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirishda qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazildi.

Amaliy tashrif doirasida ko‘chatxonalar tashkil etish va ularni boshqarish, tog‘li hududlarda “terassa” usulida o‘rmonzorlar barpo etish, shaharlar atrofida “yashil belbog‘lar” yaratish, shuningdek, shahar va tumanlarda yashil jamoat bog‘larini tashkil etish bo‘yicha Turkiyaning ilg‘or tajribasi o‘rganildi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Mug‘la provinsiyasida joylashgan Seydikemer va Go‘kova o‘rmon xo‘jaligi bo‘limlari tasarrufidagi ko‘chatxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, 1983-yilda tashkil etilgan Seydikemer ko‘chatxonasi 144 gektar maydonni egallab, yiliga 1,5 million tup ko‘chat yetishtirish quvvatiga ega. Go‘kova ko‘chatxonasi esa 61 gektardan ortiq hududda joylashgan bo‘lib, yiliga 7 million tupgacha ko‘chat yetishtirish imkoniyatiga ega ekani bilan ajralib turadi.

Mazkur ko‘chatxonalarda urug‘ jamg‘arish, saqlash va laboratoriya tahlilidan o‘tkazish jarayonlariga alohida e’tibor qaratilishi sifatli nihol va ko‘chatlar yetishtirish darajasini 90–95 foizgacha oshirish imkonini berayotgani ta’kidlandi. Ishtirokchilar onalik plantatsiyalarini tashkil etish, nihol va ko‘chatlarni parvarishlash hamda payvandlash bo‘yicha turkiyalik mutaxassislarning amaliy tajribalarini o‘rgandilar.

Delegatsiya a’zolari issiqxonalar, “in-vitro” laboratoriyalari, zamonaviy texnikalardan foydalanish tajribasi hamda mavsumiy ish jarayonlarini boshqarish mexanizmlari bilan tanishtirildi. Tajriba almashish jarayonlari o‘zaro ochiq muloqot va professional hamkorlik ruhida kechdi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik amaliy mazmun kasb etib, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda mamlakatimizda barqaror ekologik muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Ushbu hamkorlik doirasida olingan bilim va ko‘nikmalar milliy o‘rmon xo‘jaligi tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.



  ...