
O‘zbekiston–Turkiya: atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikning rivojlanishi
O‘zbekiston va Turkiya ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirib, bunda tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi vakillari muntazam ravishda Turkiya Respublikasida xalqaro tuzilmalar tomonidan tashkil etiladigan seminar, o‘quv kurslari va boshqa tadbirlarda ishtirok etib kelmoqda. Bunday hamkorlik formatlari professional aloqalarni mustahkamlash va ekologik boshqaruv sohasidagi ilg‘or yondashuvlarni o‘zlashtirishga xizmat qiladi.
Hamkorlikning muhim bosqichlaridan biri Turkiyaning Yaqin Sharq sanoat va savdo markazi (OSTIM) huzuridagi qayta tiklanuvchi energetika va ekologiya sohasida texnologiyalarni klasterlashga ixtisoslashgan “OSTIM Energik” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘ldi. Muzokaralar davomida tomonlar atmosfera havasini tozalash tizimlari, suv tozalash inshootlarini qurish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, shuningdek, maishiy va qishloq xo‘jaligi chiqindilarini qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Amaliy hamkorlikni rivojlantirish doirasida qo‘mita huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi delegatsiyasining atrof-muhitga ta’sirni baholash sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani, jumladan, ekologik ekspertiza va monitoringning zamonaviy usullarini o‘rganish maqsadida xizmat safari tashkil etildi.
Shuningdek, Toshkentda Turkiyaning “Cengiz Group” kompaniyasi ishtirokida transport vositalari sonini qisqartirish va ular ustidan ekologik nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma tadbir o‘tkazildi. Ushbu tashabbus ifloslantiruvchi moddalar tashlanmasini kamaytirish va transport sektorida ekologik mas’uliyatni oshirishga qaratilgan edi.
Hamkorlikning alohida yo‘nalishi ilmiy-ta’limiy aloqalarni rivojlantirish bilan bog‘liq. Turkiya Davlat meteorologiya xizmati va O‘zbekiston Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida Izmir shahridagi “EGE” universiteti Ekologiya fakulteti hamda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti bilan hamkorlikda sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Mazkur hamkorlik mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim tadqiqotlari sohasidagi kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga yo‘naltirilgan.
Ikki mamlakatning faol hamkorligi xalqaro maydonlarda ham davom etmoqda. Samarqandda o‘tkazilgan “Global iqlim muammolari va Markaziy Osiyo – umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” mavzusidagi iqlim forumi doirasida Turkiya vakillari ishtirokida yoshlar sessiyasi bo‘lib o‘tdi, bu esa yangi avlod ekologik yetakchilarini shakllantirishga qo‘shilgan muhim hissa bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi Ekologiya qo‘mitasi delegatsiyasining Istanbulda “Zero Waste Foundation” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Zero Waste” (“Nol chiqindi”) xalqaro forumidagi ishtiroki ham muhim bosqich bo‘ldi. Forum davomida chiqindilarni qisqartirish, aylanma (sirkulyar) iqtisodiyotni rivojlantirish va barqaror iste’mol tamoyillarini joriy etish bo‘yicha global yondashuvlar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, qo‘mita huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi delegatsiyasi Turkiyaning o‘rmon xo‘jaligi, o‘rmon resurslarini barqaror boshqarish va ekotizimlar degradatsiyasining oldini olish sohasidagi eng yaxshi amaliyotlarini o‘rganish maqsadida Mug‘la viloyati va Antaliya shahriga tashrif buyurdi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Turkiyaning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi tizimli va ko‘p qirrali xususiyatga ega bo‘lib, texnologik, ilmiy, ta’limiy va institutsional yo‘nalishlarni qamrab oladi. Qo‘shma tashabbuslarning amalga oshirilishi zamonaviy ekologik yechimlarni joriy etish, tabiiy ekotizimlar barqarorligini oshirish va barqaror rivojlanish manfaatlarida xalqaro sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mahmud Haydarov,
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Xalqaro hamkorlik va reytinglar boshqarmasi bosh mutaxassisi