
Bozorlar va kapital uyg‘unligi: O‘zbekiston va Turkiya iqtisodiy hamkorligi
So‘nggi sakkiz yil davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan tubdan yangilanib, an’anaviy do‘stona aloqalardan iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat yo‘nalishlari yaqqol ifodalangan to‘laqonli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
2017-yilgacha bo‘lgan davr ko‘proq inersiyaviy tusga ega bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar boshlanganidan so‘ng ikki tomonlama kun tartibi savdo, investitsiyalar va qo‘shma ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan amaliy hamkorlikka qayta shakllantirildi.
Mazkur jarayonda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va shaxsiy faolligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on o‘rtasidagi muntazam oliy darajadagi muloqot o‘zbek-turk munosabatlariga barqarorlik, tizimlilik va uzoq muddatli iqtisodiy istiqbol bag‘ishladi.
Siyosiy asos - iqtisodiy yaqinlashuv omili
Ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilda o‘rnatilgan bo‘lsa-da, burilish nuqtasi 2017-yil oktabr oyida Anqarada Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishi bo‘ldi. Ushbu qadam savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni jadal kengaytirish uchun mustahkam institutsional asos yaratdi.
2018-yilda Toshkent shahrida ikki davlat prezidentlari hamraisi ostida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi tashkil etildi. Kengashning 2020, 2022 va 2024-yillardagi yig‘ilishlari savdo, investitsiyalar, sanoat, transport va hududlararo hamkorlik bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni kelishishning muhim maydoniga aylandi. Siyosiy muloqot esa bosqichma-bosqich deklarativ yondashuvdan aniq iqtisodiy va loyihaviy qarorlarni qo‘llab-quvvatlovchi amaliy vositaga aylandi.
Savdo: ko‘lam, tarkib va institutsional rag‘batlar
Turkiya O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari qatoridan mustahkam o‘rin egallaydi. 2020-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,1 mlrd AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil yakunlariga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich 3,02 mlrd dollarga yetdi.
O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti asosan sanoat yo‘nalishiga ega bo‘lib, rangli metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar, to‘qimachilik mahsulotlari, xizmatlar, plastmassa va oziq-ovqat mahsulotlarini o‘z ichiga oladi. Turkiyadan import esa mexanik va elektrotexnika uskunalari, kimyo mahsulotlari, to‘qimachilik, farmatsevtika hamda metall konstruksiyalar hisobidan shakllanib, Turkiyaning texnologiyalar va sanoat uskunalari manbai sifatidagi rolini aks ettiradi.
2022-yilda Imtiyozli savdo bitimining imzolanishi va uning 2023-yilda kuchga kirishi muhim sifat bosqichi bo‘ldi. 2025-yilda tomonlar imtiyozli rejimga tushadigan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirishga kirishib, savdoni diversifikatsiya qilish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish uchun qo‘shimcha rag‘batlar yaratdi.
Investitsiyaviy hamkorlik: ishtirokdan tizimli sheriklikka
Investitsiyaviy hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biridir. 2024-yilda O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan turk investitsiyalari hajmi 2,2 mlrd AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil yanvar–noyabr oylarida bu ko‘rsatkich 3,2 mlrd dollarga yetdi. Mamlakatda turk kapitali ishtirokidagi 2 137 ta korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 496 tasi qo‘shma korxona, 1 641 tasi esa 100 foiz turk kapitaliga ega.
Ularning faoliyat sohalari to‘qimachilik va mebel sanoati, qurilish, savdo, transport, logistika hamda xizmatlar tarmog‘ini qamrab oladi. Muhimi, ushbu korxonalarning salmoqli qismi eksportga yo‘naltirilgan bo‘lib, O‘zbekistonning mintaqaviy va global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga integratsiyasini kuchaytiradi.
Sanoat kooperatsiyasi: qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tish
So‘nggi yillarda o‘zbek-turk hamkorligi an’anaviy savdo modelidan sanoat kooperatsiyasiga tobora ko‘proq yo‘nala boshladi. Turkiya kompaniyalari O‘zbekiston hududlarida ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishda faol ishtirok etib, zamonaviy texnologiyalar, boshqaruv standartlari va eksport amaliyotlarini joriy qilmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning muntazam yig‘ilishlari va ular doirasida o‘tkaziladigan biznes-forumlar sanoat, energetika, logistika va hududiy loyihalarni qamrab olgan aniq “yo‘l xaritalari”ni shakllantirmoqda. Bu esa barqaror sanoat sherikligining poydevorini yaratmoqda.
Hududlararo hamkorlik: iqtisodiyot joylarda
Hamkorlikning yangi modelida hududlararo o‘zaro aloqalar muhim o‘rin egalladi. 2024-yilda Farg‘ona, Xorazm, Namangan, Navoiy, Samarqand, Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahridan Turkiya hududlariga manzilli delegatsiya tashriflari amalga oshirildi.
Bunday yondashuv umumiy kelishuvlardan aniq investitsiya loyihalariga o‘tish imkonini beradi, B2B va B2G formatidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantiradi hamda hamkorlikning markazlashmagan va barqarorroq arxitekturasini shakllantiradi.
Transport va logistika - savdo va investitsiyalar tayanchi
Savdo va sanoat kooperatsiyasining kengayishi transport-logistika hamkorligining rolini tabiiy ravishda oshirmoqda. Turkiya O‘zbekiston uchun Yevropa va O‘rta yer dengizi bozorlariga chiqishdagi muhim logistika darvozasi sifatida qaralmoqda, O‘zbekiston esa Turkiya uchun Markaziy Osiyoga chiqishdagi muhim tugun sifatida shakllanmoqda.
Temir yo‘l va avtomobil tashuvlarini rivojlantirish, shuningdek, sakkiz yo‘nalish bo‘yicha haftasiga 97 tagacha muntazam aviaqatnovlar ishbilarmonlik faolligini oshirib, investitsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlamoqda va ikki mamlakat iqtisodiyotlari integratsiyasini mustahkamlamoqda.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari: manfaatlar tutashuvi
O‘zbek-turk munosabatlarining shakllangan iqtisodiy yadrosi hamkorlikning yangi bosqichiga - miqdoriy o‘sishdan tarkibiy va texnologik chuqurlashuvga o‘tish uchun mustahkam asos yaratmoqda.
Asosiy tutashuv nuqtasi sanoat ishlab chiqarishini mahalliylashtirish va qo‘shma rivojlantirishdan iborat. O‘zbekiston sanoat zonalari, resurslar va o‘sib borayotgan ichki bozorni taklif etsa, Turkiya texnologiyalar, dizayn, boshqaruv yechimlari va tashqi bozorlarga kirish imkoniyatini taqdim etadi.
To‘qimachilik va yengil sanoat tayyor brend mahsulotlar ishlab chiqarish hamda xalqaro savdo tarmoqlari uchun kontrakt ishlab chiqarish yo‘nalishida rivojlanmoqda. Mashinasozlik va elektrotexnika yig‘ish va ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish uchun zamin yaratmoqda. Agrosanoat majmuasi esa chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘shma eksport qilish imkoniyatlarini ochmoqda.
Alohida strategik yo‘nalish sifatida uchinchi mamlakatlar bozorlariga qo‘shma chiqish masalasi ajralib turadi. Bu borada O‘zbekistonning ishlab chiqarish salohiyati va Turkiyaning savdo-logistika infratuzilmasi uyg‘unligi sezilarli raqobat ustunliklarini ta’minlaydi.
Umuman olganda, sakkiz yil davomida O‘zbekiston va Turkiya savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, hududlararo aloqalar va transport bog‘liqligiga tayangan barqaror strategik sheriklik modelini shakllantirdi. 3 mlrd dollardan oshgan tovar ayirboshlash hajmi, milliardlab investitsiyalar va minglab qo‘shma korxonalar ikki tomonlama munosabatlarning yetukligi va uzoq muddatli xarakterini yaqqol namoyon etadi.
Mashrab Mamirov,
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Departament boshlig‘i