
Oʻzbekiston-Turkiya: hamkorlikning yangi bosqichi va madaniy-gumanitar aloqalarining rivojlanish istiqbollari
Oʻzbekistonning mustaqillik yillarida qoʻlga kiritgan katta yutuqlaridan biri, taʼkidlash joizki, koʻp millatli fuqarolar oʻrtasida tinchlik, millatlararo totuvlik va hamjihatlilikni taʼminlanganligidir. Ayniqsa, soʻnggi yillarda mamlakatimizda ishlab chiqilgan oqilona milliy siyosatning tub oʻzagini “Koʻpmillatlilik — Oʻzbekistonning boyligi” degan bosh gʻoya tashkil etadi.
Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda Oʻzbekiston va Turkiya hamkorligi ham son, ham sifat jihatidan yuqori daraja ahamiyat kasb etmoqda. Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar haqiqatan ham strategik hamkorlikning yangi bosqichi sifatida tarix va bugungi kun turk-oʻzbek xalqlari nafaqat etnik kelib chiqishi jihatidan, balki ruhiyatiga koʻra ham haqiqiy qardosh xalqlar ekaniga yaqqol guvohlik beradi. Bu ikki qardosh xalq tarixiy taraqqiyotning barcha evrilishlariga qaramasdan, shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda raqobatbardosh boʻlib qolish uchun zarur islohotlarni amalga oshirgan holda oʻz milliy davlatchiligini matonat va mehnatsevarlik bilan mustahkamlab kelmoqda. Shu oʻrinda, Turkiyaning rivojlangan sanoati, qishloq xoʻjaligida erishgan yutuqlari, turizm salohiyati, ulkan davlatchilik tajribasi va turk sarmoyadorlarining Oʻzbekiston bozoriga boʻlgan tabiiy qiziqishlarini ortib borayotganligi mamlakatimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Mana shunday yaqinlik va yondashuvlarning mushtarakligi Oʻzbekiston-Turkiya davlatlarini istiqboldagi madaniy-gumanitar aloqalarining rivojlanishi bundan buyon ham oʻzbek-turk xalqlari farovonligi yoʻlida mustahkamlanib, chuqurlashib borishining eng ishonchli garovidir.
Xususan, bunga sabab oʻzbek va turk xalqlarini azaliy doʻstlik, birodarlik va qardoshlik rishtalari oʻzaro bogʻliqligi va har ikki mamlakat aholisining madaniyati, dini va urf-odatlari bir-biriga juda yaqinligidadir. Bu esa mustahkam poydevor sifatida munosabatlarning chuqur tarixiy va madaniy ildizlarga ega ekanligini ham koʻrsatadi. Qolaversa, madaniy va tarixiy jihatdan bu ikki mamlakat turkiy xalqlar tamadduni rivojida markaziy oʻrin tutishgan. Shu bois 2019-yili 15-oktyabrda Boku shahrida boʻlib oʻtgan yettinchi sammitda Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo sifatida qoʻshilishi barcha ishtirokchi davlatlar tomonidan yuqori baholandi va koʻtarinki kayfiyatda kutib olindi. Oʻz navbatida, bu hodisa nafaqat turkiy olamda birodarlik ruhining mustahkamlanishiga, balki Anqara va Toshkent oʻrtasida yangi muntazam hamkorlik formati paydo boʻlishiga ham sabab boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Tashkilotning 2021-yil 12-noyabrda Istanbul shahrida oʻtkazilgan sakkizinchi sammitida uning nomi Turkiy davlatlar tashkilotiga oʻzgartirildi. Shuningdek, sammitda turk dunyosining 2040-yilgacha boʻlgan davr uchun konsepsiyasi ham tasdiqlandi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini 2022-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qildi. Taklif qabul qilindi va tashkilotning navbatdagi toʻqqizinchi sammiti, Oʻzbekistonda 2022-yil noyabr oyida boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlash joizki, ikki davlat yetakchilari 2022-yilda davlatlar oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklik munosabatlari yoʻlga qoʻyilganining 5 yilligi nishonlandi hamda Oʻzbekistondagi islohotlar borasida hamkorlikni mustahkamlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, fan, taʼlim, sanʼat, kino, turizm va axborot sohalaridagi sheriklikni chuqurlashtirishga kelishib olinganligi fikrimiz tasdigʻidir.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev Oʻzbekiston iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, xalq farovonligini va hayot darajasini oshirish maqsadida keng koʻlamli islohotlar dasturini jadallik bilan olib bormoqda. Mazkur siyosatning muvaffaqiyati qisman boʻlsa-da mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatdagi tashqi hamkorlari bilan samarali aloqalarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishiga bogʻliq. Shuningdek, aytish joizki, bugun Oʻzbekiston dunyodagi inqilobiy oʻzgarishlarga yangi faol, pragmatik va konstruktiv ruhdagi tashqi siyosat bilan javob bermoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va uni dunyo miqyosidagi raqobatbardoshligini oshirish maqsadlari tashqi hamkorlar bilan sanoat kooperatsiyasi yoʻnalishidagi hamkorlikni kuchaytirish, rivojlangan mamlakatlar tajribasini oʻrganish, tashqi sarmoyalar va yuqori texnologiyalarni keng koʻlamda jalb etishni talab etmoqda. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston va Turkiya iqtisodiy taraqqiyot strategiyalari bir necha muhim sohalarda bir-birini toʻldirish qobiliyatiga ega ekanligini taʼkidlab oʻtish lozim. Bunga sabab, Turkiya dunyoning 20 ta yirik iqtisodiy rivojlangan davlatlardan biri va Oʻzbekiston uchun muhim hisoblangan turizm, toʻqimachilik, avtomobilsozlik, qurilish, oziq-ovqat sanoati sohalarida yuqori natijalarni qoʻlga kiritganligidadir.
Xususan, Turkiya toʻqimachilik va zargarlik buyumlari sanoati dunyodagi kuchli beshtalikka kiradi. Turk qurilish shirkatlaridan 44 tasi jahon miqyosidagi yetakchi 250 ta qurilish kompaniyalari roʻyxatidan oʻrin egallagan. Bu koʻrsatkich boʻyicha Turkiya dunyoning iqtisodiy yetakchilaridan biri hisoblanmish Xitoy davlatidan keyingi ikkinchi oʻrinda turadi. Mamlakat oziq-ovqat sanoati mahsulotlari esa Gʻarb bozorlariga kirib borishga, undagi oʻz pozitsiyasini mustahkamlashga ulgurgan boʻlsa, turk avtomobil sanoati oddiy avtomobillardan milliy elektromobillarni ommaviy ravishda ishlab chiqarishga oʻtish taraddudida turibdi. Bu holat Turkiyaning biz uchun muhim iqtisodiy sherik ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Chunki Yangi Oʻzbekiston eksportga yoʻnaltirilgan mutlaqo yangi iqtisodiy taraqqiyot modeli asoslarini barpo etishga kirishi iqtisodiyotning barcha sohalarida tizimli oʻzgarishlarni va bu tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini davomli rivojlantirish mumkin boʻlgan ishonchli tashqi hamkorlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlashni taqozo etadi.
Muxtasar qilib aytganda, soʻnggi yillarda tarixan qisqa davr mobaynida oʻzbek-turk aloqalarida mazmunan yuz yilliklarga tatigulik inqilobiy oʻzgarishlar yasash uchun mustahkam tamal toshi qoʻyildi – muhim dasturiy rejalar ishlab chiqilib, dadil amaliy harakatlar boshlandi. Munosabatlarning bunday tarzda kurtak yozishi Oʻzbekiston va Turkiyaning xalqaro maydonda yanada nufuzi ortib, ikki davlat iqtisodiyoti oʻsish suratlarining barqarorligi, mamlakatlar xalqlari ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi va yaratuvchanlik salohiyatining toʻliq roʻyobga chiqishini taʼminlashga xizmat qilishi shubhasizdir.
Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasida nafaqat ikki tomonlama munosabatlar faol rivojlanmoqda, balki koʻp tomonlama formatlarda ham hamkorlik qilinmoqda. Turkiy tilli davlatlar tashkilotidagi ishtirok ham Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi xalqaro hamkorlikning muhim qismlaridan biridir.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 130 dan ortiq turli millatga mansub fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotdagi faol ishtirokini taʼminlash, ularning milliy oʻzligini anglashi hamda etnik qadriyatlarini saqlab qolishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Shuningdek, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik, umumilliy birdamlik va hamjihatlik, eng avvalo, boy tarixiy-maʼnaviy meros, milliy qadriyat, urf-odat va anʼanalar asosida milliy oʻzligini anglagan, milliy gʻurur-iftixori yuksalgan, umuminsoniy qadriyatlar, zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan yutuqlari asosida dunyoqarashi shakllangan barkamol avlodni tarbiyalashni koʻzda tutadi.
Hozirgi kunda Yangi Oʻzbekistonda birdamlik va hamjihatlik millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatning jamiyatda birlik va totuvlikni saqlashdagi asosiy tamoyil boʻlib, bunda nafaqat turli etnik guruhlarning manfaatlarini himoya qilish, balki boshqalarning huquqlariga hurmat va eʼtiborga asoslangan fuqarolik oʻzligini shakllantirish ham muhim jihat hisoblanadi.
Millatlararo munosabatlar yoʻnalishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-52-son Farmoni qabul qilinib, unda jamiyatda umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashning ustuvor vazifalaridan biri etib millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish, jamiyatda doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik, bagʻrikenglik va birdamlikni mustahkamlash orqali yagona fuqaroviy oʻzlikni shakllantirish belgilandi.
Qoʻmita millatlararo munosabatlar hamda xorijdagi vatandoshlar masalalari sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi, davlat organlari va tashkilotlarning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilandi.
Qoʻmitaning jamiyatda oʻzaro hamjihatlik, bagʻrikenglik va birdamlikni mustahkamlash, millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish; Oʻzbekistonda yashovchi barcha millat va elatlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularni umummilliy taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirish; xalq diplomatiyasi mexanizmlari orqali xorijiy mamlakatlar bilan ijtimoiy-madaniy va doʻstlik aloqalarini rivojlantirish; xorijdagi vatandoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini Vatanimiz rivojiga safarbar etishlarini qoʻllab-quvvatlash hamda Oʻzbekiston xalqi hamda xorijdagi vatandoshlarning jamiyatning mushtarak maqsadlari yoʻlida birdamligi, umummilliy hamjihatlik masalalarini tizimli tahlil qilish asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Qoʻmita xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar boʻyicha davlat siyosatini izchil amalga oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun AQSH, Kanada, Xitoy, Ozarbayjon, Turkiya va boshqa qator davlatlarda hamkorlik borasida salmoqli tadbirlarni amalga oshirdi.
Hozirgi kunda Qoʻmita jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bagʻrikenglikni taʼminlash hamda xorijdagi vatandoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini Vatanimiz rivojiga safarbar etishlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish, doʻstona xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish, xorijiy mamlakatlarning fuqarolik hamjamiyatlari bilan doʻstlikni mustahkamlash, davlat organlarining respublika hududida joylashgan 157 ta milliy madaniy markazlar, 43 ta doʻstlik jamiyatlari, xorijdagi 60 dan ortiq birodar shaharlar va 100 ga yaqin xorijdagi vatandoshlar jamiyatlari bilan “xalq diplomatisi” mexanizmidan foydalangan holda oʻzaro hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda.
Turli millatlarning milliy oʻzligi, tili, anʼanasi, urf-odatlari, tarixi va madaniyatini saqlab qolishga, namoyish etishga va rivojlantirishga katta imkoniyatlar yaratildi. Qolaversa, Yangi Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan madaniy hamkorligini yuksaltirish yoʻlida mamlakatimizda istiqomat qiluvchi turli millat vakillari tomonidan vujudga keltirilgan milliy madaniy markazlarning oʻrni alohida ahamiyat kasb etadi.
Jumladan, 1991-yilda Buxoro shahrida va 1992-yilda Toshkent shahrida turk milliy madaniy markazlari hamda 1997-yilda Oʻzbekiston turk milliy madaniy markazi tashkil etildi.
1997-yildan buyon Oʻzbekiston turk milliy madaniy markazi (rais Salmanov Umar Ibragimovich)ning asosiy faoliyati turk tili, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini qayta tiklashga yoʻnaltirilgani bois, Markaz qoshida “Nuroniylar Kengashi”, “Ayollar Kengashi”, “Yoshlar qanoti”, sport toʻgaraklari va ansambllar bilan ishlash boʻlimi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Hozirgi kunda Markaz qoshida 3 ta “Sevinch”, “Anadolu” va xotin-qizlar havaskorlik folklor ansambllari faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
1999-yil Oʻzbekiston turk milliy madaniy markazining faxriy aʼzosi Mikoyil Suleymanov boshchiligida “MIKO” komediya-teatri taʼsis etilib, u tomonidan yaratilgan sahna tasvirlari Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Ozarbayjon davlatlarida namoyish etildi. Ushbu sahna obrazlari asosan turli millat vakillari orasida birlik, hamjahatlik va totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Mamlakatimizda millatlararo totuvlik, hamjihatlik va barqarorlikni mustahkamlashga qoʻshgan hissalari uchun bir qator turk millati vakillari davlat mukofotlariga sazovor boʻlganlar.
Turklarning oʻzbekiston hududiga kirib kelishi haqidagi dastlabki maʼlumotlar ispan elchisi Gonzales de Klavixo oʻz kundaligida berib oʻtadi. Yozma manbalarda temuriyzoda Shohrux saroyidagi turk musiqachilari haqida eslab oʻtiladi. Turk savdogarlari va hunarmandlari soʻnggi oʻrta asrlarda hozirgi Oʻzbekiston hududida savdo sotiq va hunarmandchilik ishlari yuzasidan ham kelib joylashganligi haqida maʼlumotlar uchraydi.
Turklar Oʻzbekistonga qachon kelib qolishgan? Bu savolga javob berish uchun juda koʻp oʻylandik. 100 dan oshiq manbalarni koʻrib chiqdik. Natijada turli xil javoblar oldik. Turklarning dastlabki vakillari bugungi Oʻzbekiston hududlarida turkiy xalqlarning Enasoy atroflaridan bugungi kunda Turkiya nomi bilan ataluvchi davlat tomon borayotganlarida, hozirgi Namangan viloyati hududiga toʻgʻri keluvchi Axsi tuproqlarida joylashib qolishgan. Ikkinchi bir qismi esa Amir Temur davrida, yaʼni 1400-yillarda kelib qolishgan.
1992-yilda Oʻzbekistonda yashovchi turklar 21.000 nafarni tashkil qilgan boʻlsa, hozirgi kunga kelib 50.000 dan ortiq ekanligini keltirib oʻtish mumkin.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda yashayotgan turk millatiga mansub fuqarolarimiz respublikaning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida faol ishtirok etib, davlatning rivojlanishi hamda taraqqiyotiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshib kelishmoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining Turkiyaga tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga asoslangan, xalqlarimiz farovonligi yoʻlida uzoq muddatli, oʻzaro manfaatli hamkorlikka intilishni ifodalovchi har tomonlama strategik sheriklikda yangi davr ochdi.
Ikki mamlakat rahbarlarining rasmiy tashriflari siyosiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilib, sermahsul amaliy sheriklikdan darak beradi. Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tomonlar sheriklikni, shu jumladan savdo va iqtisodiyot, investitsiyalar, transport, toʻqimachilik, energetika, qishloq xoʻjaligi, madaniy-gumanitar almashinuv kabi sohalarda yanada kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlariga batafsil toʻxtaldi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Turkiya Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida imzolangan 2026–2027-yillarga moʻljallangan Harakatlar rejasiga koʻra, barqaror rivojlanish va farovonlikni mustahkam xavfsizlik asosida taʼminlashga qaratilgan eng samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” kitobidagi dastlabki qism “Insoniyat tanlagan barqaror rivojlanish yoʻli” deb nomlangani eʼtiborga loyiq. Unda “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish kun tartibi” nomli hujjatda belgilab qoʻyilgan insoniyatning XXI asrdagi taraqqiyotiga doir ustuvor mezonlar hamda global ahamiyatga ega ezgu maqsadlar haqida fikr yuritilganligi yuqorida keltirilgan fikrlarimiz tasdigʻidir.
Umuman olganda, Oʻzbekistonda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni saqlashning asosiy va eng muhim omili – bu koʻpmillatli fuqarolar oʻrtasidagi birlikni, milliy totuvlikni taʼminlay olish hisoblanadi. Shuni alohida qayd etish lozimki, jamiyatimizda kundan-kunga mustahkamlanib borayotgan milliy hamjihatlik, umummilliy birdamlik Oʻzbekistonda yashayotgan barcha millatlarning vakillari orasida etnik-madaniy asoslarda jipslashish jarayonlariga xizmat qilmoqda.
Davlatova Saodat Tilovberdiyevna
Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlarmasalalari boʻyicha qoʻmitasi boʻlim boshligʻi,
tarix fanlari doktori, professor