Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

11-fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Berlin shahrida Germaniya tomoni vakillari bilan qator muhim uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi.



11-fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Berlin shahrida Germaniya tomoni vakillari bilan qator muhim uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi. Tashrif dasturi siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni qamrab oldi.

Jumladan Germaniya Federal iqtisodiy ishlar va energetika vaziri Katerina Rayxe bilan uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikda istiqbolli rivojlanish dinamikasi qayd etildi. So‘nggi yillarda tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga ortganligi, qo‘shma investitsiya portfeli 10 milliard dollardan oshib, “yashil” energetika, sanoat, muhim xomashyolar va ishchi kuchining harakatchanligi sohasida hamkorlik kengayib borayotganligi ta’kidlandi. Shu doirada savdo va investitsiyaviy sheriklikni faollashtirish hamda kelgusida ikki tomonlama biznes tadbirlari oldidan aniq loyihalarni ishlab chiqish masalalarida kelishuvga erishildi.

Tashrif doirasida Baxtiyor Saidov Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful bilan strategik hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha atroflicha muzokaralar olib bordi. Savdo, energetika va mintaqaviy barqarorlik kabi muhim yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bo‘lajak sammitlar va O‘zbekiston–Germaniya ishbilarmonlar kengashi kabi tashabbuslar orqali iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. Hamkorlikni yanada ilgari surish va yaqin kelajakda Germaniya vakilini Toshkentda tashrifini amalga oshirishga ishonch bildirdi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprais bilan uchrashuv o‘tkazildi. Samarqand va Bryussel sammitlari O‘zbekiston–Yevropa Ittifoqi strategik sherikligida yangi bosqichni boshlab bergani qayd etildi. Shu bilan birga, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi Parlamentlararo” birinchi sammitiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi, shuningdek Toshkent shahrida Yevropa investitsiya bankining Mintaqaviy vakolatxonasining ochilishi investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim bosqich ekanligi qayd etildi.

“Markaziy Osiyo – Germaniya” biznes forumi doirasida O‘zbekiston keng ko‘lamli islohotlarni izchil amalga oshirib kelayotgani, ochiq, barqaror va investorlar uchun qulay iqtisodiyotni shakllantirayotgani qayd etildi. Uchrashuv global transformatsiya sharoitida uzluksiz yetkazib berish zanjirlarini barpo etish va yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirishga tayyor, yakdil hamkorlarni birlashtirgan muhim platforma sifatida baholandi.

Shuningdek, “yashil” energetika, mashinasozlik, elektrotexnika ishlab chiqarish va qurilish materiallari sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun kuchli salohiyat mavjudligi qayd etildi. Joriy yil iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumiga hamkorlar taklif etildi va strategik iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari davom ettirilishi ma’lum qilindi.



  ...