
31-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida TIV rahbari Qozog‘iston delegatsiyasini O‘zbekiston zaminida qarshi olishidan mamnunligini bildirdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda ikki Davlat Rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli o‘zaro hamkorlik misli ko‘rilmagan darajaga yetgani qayd etildi.
Muzokaralar mazmunli va amaliy ruhda o‘tib, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini qamrab oldi. Jumladan, O‘zbekiston va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma hamkorlik dasturi imzolandi.
Aloqalarning jadal sur’ati hamda savdo-iqtisodiy va transport-logistika sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Bo‘lajak muloqotlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qo‘shimcha turtki berishiga ishonch bildirildi.