Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

“O‘rta yo‘lak” orqali Yevropaga: O‘zbekiston-Ozarbayjon oʻrtasidagi logistik hamkorlikning yangi ufqlari



“O‘rta yo‘lak” orqali Yevropaga: O‘zbekiston-Ozarbayjon oʻrtasidagi logistik hamkorlikning yangi ufqlari

Jahonda kuzatilayotgan so‘nggi geosiyosiy beqarorliklar sharoitida har bir suveren davlat oldidagi ustuvor vazifalardan biri o‘zining tashqi savdo yo‘nalishlari xavfsizligi hamda uzluksizligini ta’minlashdan iboratdir.

Markaziy Osiyoning geosiyosiy markazida joylashgan O‘zbekiston uchun tashqi iqtisodiy aylanmaning salmoqli ulushini tashkil etuvchi Yevropa davlatlari bilan transport-logistika yo‘laklarining davomiy va barqaror faoliyat yuritishini saqlab qolish strategik ahamiyat kasb etadi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 2025 yilda Oʻzbekistonning Yevropa davlatlari bilan xalqaro tashuvlar hajmi 1,5 million tonnani tashkil etgan boʻlib, bu 2024-yilga nisbatan 29 foizga koʻp.

Bugungi kunda Yevropaga eksport tashuvlari yoki Yevropadan import tashuvlarni qururqlik transport orqali amalga oshirishdagi xavfsiz va barqaror transport yoʻlak Oʻrta yoʻlak hisoblanadi. Oʻrta yoʻlakning eng muhim uzellaridan biri bu Ozarbayjondir. 2026 yilning yanvar-mart oylarida Oʻzbekistonning Ozarbayjon bilan xalqaro tashuvlar hajmi 28,3 ming tonnani tashkil etgan boʻlib, bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 2,9 barobarga koʻp.

Umuman olganda, so‘nggi 5 yil davomida O‘zbekiston yuklarining O‘rta yo‘lak orqali tashish hajmi ikki baravarga o‘sib, 2025 yil yakuniga kelib 1,2 mln tonnaga yetdi. Agar 2021 yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan ushbu yoʻlak orqali tashilgan yuklarning ulushi 12 foizni tashkil etgan bo‘lsa,

2025 yil yakuniga kelib ushbu ko‘rsatkich 28 foizga yetdi.

Ozarbayjon geografik joylashuviga ko‘ra Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi orqali Kavkaz hududi va Turkiya bilan bog‘lovchi tabiiy ko‘prik hisoblanadi.

U Sharqdan (Xitoy, Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston) kelayotgan eksport yuklarini qabul qilib, ularni Gruziyaning Poti va Batumi hamda Turkiyaning Mersin va Ambarli portlari orqali bevosita Yevropa bozorlariga yo‘naltirish imkonini beradi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida transport-logistika sohaisda ikki va koʻp tomonlama hamkorlik aloqlari yoʻlga qoʻyilgan. Bu hamkorlik nafaqat ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga balki Markaziy Osiyo va Yevropa mintaqasini oʻzaro bogʻlovchi Oʻrta yoʻlakning rivojlanishiga ham yetarli hissasini qoʻshib kelmoqda.

Jahon banki hamda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki kabi nufuzli xalqaro moliyaviy institutlarning “O‘rta yo‘lak” salohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan so‘nggi hisobotlarida mazkur yoʻlkaning samaradorligini pasaytiruvchi qator to‘siqlar tahlil qilingan. Xususan, xalqaro ekspertlar tomonidan koridorni rivojlantirishdagi eng asosiy muammolardan biri sifatida - tranzit davlatlar o‘rtasida raqamlashtirish darajasining tarqoqligi, yagona axborot almashinuvi platformasining yo‘qligi hamda chegara va bojxona o‘tkazish punktlarida qog‘ozga asoslangan byurokratik jarayonlarning saqlanib qolayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.

Aynan ushbu tizimli muammolarni amalda hal etish hamda

“O‘rta yo‘lak”ning o‘tkazish qobiliyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida faol va namunali raqamli integratsiya jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, ikki davlat o‘rtasida bojxona jarayonlarini tezlashtiruvchi va inson omilini kamaytiruvchi “E-TIR” tizimi amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etildi. Shuningdek, xalqaro avtotashuvlar sohasida qog‘ozsiz “E-PERMIT” tizimiga to‘liq o‘tish jarayonlari faol amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari Oʻzbekiston va Ozarbayjon Oʻrta yoʻlak orqali multimodal tashuvlarni amalga oshirishda “Osiyo-Tinch okeani mintaqasi – Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Turkiya – Yevropa” (CASCA+) doirasida yuk tashuvlarni rivojlantirish boʻyicha ham kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. 2025-yilda ushbu xalqaro marshrut doirasida 6 722 TEU konteyner tashuvlari amalga oshirilgan boʻlib, 2024-yilga nisbatan oʻsish 47 foizni tashkil etmoqda. 2026-yil uchun ham ushbu yoʻnalish boʻyicha imtiyozli tarif narxlari belgilangan boʻlib, tashuvlar hajmi yanada yana oshishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Ozarbayjon respublikalarining temir yo‘l ma’muriyatlari “O‘rta yo‘lak” transport-logistika tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishda tashabbuskor va faol ishtirokchi sanaladi. Xususan, mazkur yoʻlakning salohiyatini yanada kengaytirish maqsadida 2024-yilda Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Tojikiston temir yo‘l idoralari o‘rtasida ko‘p tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.

Ushbu muzokaralar yakuniga ko‘ra, yuk tashish jarayonlarini jadallashtirish hamda tizimda yuzaga keladigan logistik to'siqlarni tezkor bartaraf etish mexanizmini yaratish maqsadida institutsional platforma – “Yevroosiyo transport marshruti” assostsiatsiyasi tashkil etildi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi transport-logistika sohasidagi strategik sheriklik nafaqat ikki mamlakatning tashqi savdo aylanmasini barqarorlashtirishga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasini xalqaro ta’minot zanjiriga uzviy integratsiya qilishga xizmat qiladi.

Byurokratik to‘siqlarni bartaraf etuvchi raqamli yechimlarning amaliyotga joriy qilinishi, multimodal marshrutlarning diversifikatsiyasi hamda institutsional mexanizmlarning mustahkamlanishi “O‘rta yo‘lak”ning xalqaro tranzit jozibadorligini yanada oshiradi. Bu esa, o‘z navbatida, global geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida Oʻzbekiston iqtisodiyotining tashqi ta’sirlarga chidamliligini oshirib, xalqaro tashuvlarni xavfsiz hamda uzluksiz amalga oshirilishi uchun mustahkam kafolat bo‘lib qoladi.



  ...