Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van I 2025-yil 20-21-noyabr kunlari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi va ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari oʻrtasidagi ikkinchi Strategik muloqot uchrashuvida ishtirok etdi.



Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van I 2025-yil 20-21-noyabr kunlari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi va ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari oʻrtasidagi ikkinchi Strategik muloqot uchrashuvida ishtirok etdi.

Tomonlar Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikning oʻzaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olishga asoslangan holda izchil mustahkamlanib borayotganini taʼkidladilar va umumiy kelajakka ega hamjamiyatni qurishni ilgari surishda yaqinroq hamkorlikni davom ettirishlarini bildirdilar.

Ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi muhim masalalar boʻyicha davlatlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga hissa qoʻshadigan barcha darajadagi oʻzaro tashriflar va aloqalarning faol dinamikasi taʼkidlandi.

Tomonlar oʻzlarining asosiy manfaatlariga taʼsir qiluvchi masalalar boʻyicha oʻzaro qoʻllab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqladilar.

Xitoy tomoni Oʻzbekistonning tanlagan milliy rivojlanish yoʻlini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi va Yangi Oʻzbekiston strategiyasi doirasida asosiy ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturlarini doimiy ravishda ilgari surishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

Oʻzbekiston tomoni “yagona Xitoy” tamoyilini qatʼiy qoʻllab-quvvatlaydi, “Tayvan mustaqilligi”ning har qanday shakliga qarshi chiqadi va Xitoy hukumatining Xitoyni birlashtirishga qaratilgan barcha saʼy-harakatlarini qatʼiy qoʻllab-quvvatlaydi.

Xitoy tomoni 15-16-noyabr kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvini mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, oʻzaro ishonchni chuqurlashtirish, mintaqada barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga qoʻshgan muhim hissasi uchun yuqori baholadi.

Oʻzbekiston tomoni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasining IV yalpi majlisining muvaffaqiyatli oʻtkazilishini yuksak baholaydi hamda ushbu muhim yigʻilish Xitoyning barqaror va yuqori darajadagi taraqqiyotini yanada jadallashtirishga, mamlakatlar uchun yangi rivojlanish imkoniyatlarini yaratishga va jahon hamjamiyatiga koʻproq ishonch hamda ijobiy turtki berishga xizmat qiladi, deb hisoblaydi.

Tomonlar xavfsizlik, rivojlanish va farovonlik borasidagi umumiy manfaatlardan kelib chiqib, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusining oʻta muhim oʻrni va ahamiyatini yuqori baholaydilar.

Oʻzbekiston tomoni Xitoyning Global rivojlanish tashabbusi, Global xavfsizlik tashabbusi, Global sivilizatsiya tashabbusi va Global boshqaruv tashabbuslarini maʼqulladi va ular doirasida faol hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar savdo hajmining barqaror o‘sishi, investitsiya hamkorligining kuchayishi, sanoat, transport va logistika, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Tomonlar yashil mineral resurslar sohasida, xususan, butun mineral ishlab chiqarish zanjiri bo‘ylab yashil rivojlanish sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildiradilar.

Tomonlar madaniy va gumanitar hamkorlikni faollashtirish, Oʻzbekiston va Xitoy xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashish uchun sa’y-harakatlarni amalga oshiradilar.

BMT, ShHT, “Markaziy Osiyo–Xitoy” formati, BRICS va boshqa ko‘p tomonlama doiralarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi ikkinchi Strategik muloqot natijalari ham yuqori baholandi va ushbu mexanizm strategik hamkorlik va ustuvor sohalarda keng qamrovli hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi platformaga aylangani hamda mintaqaviy va xalqaro tinchlikni yanada mustahkamlashga, o‘zaro tushunishni va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.



  ...