
11-fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Germaniya Federativ Respublikasining Berlin shahriga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida aloqalarni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomlari yetkazildi hamda Germaniyaning Markaziy Osiyoga bo‘lgan doimiy qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirildi. Germaniyaning mintaqaga nisbatan Yevropa Ittifoqi siyosatini shakllantirishdagi roli, xususan Markaziy Osiyo bo‘yicha YI Strategiyasi kabi tashabbuslar misolida muhim ekani qayd etildi. Ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, yashil taraqqiyot, energetika va ta’lim sohalarida aniq hamkorlik rejalari mavjudligi ta’kidlandi.
Shu kuni “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatidagi ilk vazirlar darajasidagi uchrashuv ham o‘tkazildi. Mazkur mexanizm ishga tushirilishi hamkorlikka yanada tizimli va amaliy tus beradigan muhim bosqich ekani ta’kidlandi. Markaziy Osiyoning Yevrosiyo yuragida joylashgan, o‘z birligi, iqtisodiy salohiyati va global rolini mustahkamlab borayotgan dinamik mintaqa ekani qayd etildi. Investitsiya, texnologiya va savdo, muhim xomashyolar, “yashil” energetika, iqlim, transport bog‘liqligi va logistika yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmonlik muloqotini chuqurlashtirish zarurligi bildirildi. Uchrashuv natijalari navbatdagi “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammitiga puxta zamin yaratishiga ishonch bildirildi. Delegatsiya tomonidan vazirlar uchrashuvini tashkil etgani uchun Germaniya tomoniga minnatdorlik bildirildi.